4 asr davomida yo‘qolgan deb hisoblangan rasm qariyb 3 mln yevroga sotildi
Madaniyat-san’at
−
01 dekabr 2025 8016 2 daqiqa
Flamand rassomi Peter Paul Rubensga tegishli 400 yil davomida yo‘qolgan deb hisoblangan rasm auksionda qariyb 3 million yevroga sotildi. Bu haqda “Le Parisien” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Peter Paul Rubensning 1613 yilda chizilgan “Xochga mixlangan Iso” nomli kartinasi qariyb 3 million yevroga sotilgan. Surat hajmi 105,5 × 72,5 sm bo‘lib, u 2024 yil sentyabr oyida Parijda topilgan. Osenat auksion uyi prezidenti Jan-Per Osenaning ma’lum qilishicha, rasm yaratilganidan ko‘p o‘tmay g‘oyib bo‘lgan va uzoq vaqt davomida yo‘qolgan asar sifatida qaralgan.
Osenat auksion uyi savdolari kecha, 30 noyabr kuni Versalda o‘tkazilgan. Lotning boshlang‘ich narxi 500 ming yevro bo‘lgan. Natijada rasm komissiya bilan birga 2,9 million yevroga sotilgan. “Le Parisien”ning yozishicha, bu narx unchalik ajablanarli emas, chunki rassomning asarlari odatda bir necha million yevroga baholanadi.
“Xochga mixlangan Iso” kartinasi 4 asr davomida yo‘qolgan hisoblangan. Uning qanday qilib Fransiyaga borib qolgani noma’lum. Ma’lum bo‘lgan yagona fakt – XIX asrda uni rassom Vilyam Bugro sotib olgani. Kartina Parijning oltinchi okrugidagi xususiy uyda saqlangan. Uni uyni sotishga qaror qilgan merosxo‘rlar topgan.
Asarning haqiqiyligi texnik ekspertizalar, rentgen tekshiruvlari va pigmentlarni tahlil qilish orqali tasdiqlangan. Ekspertizani XV-XVI asrlar san’ati bo‘yicha mutaxassis, Antverpen shahridagi Rubenianum tadqiqot tashkiloti prezidenti, professor Nils Byuttner boshchiligidagi mutaxassislar guruhi o‘tkazgan. U tashkilot Rubensning sobiq ustaxonasi yaqinida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq niderlandiyalik rassom Vinsent Van Gogning “Parij romanlari to‘plamlari va stakandagi atirgullar” nomli kartinasi Nyu-Yorkdagi Sotheby’s auksionida 62,7 million dollarga sotilgandi.
Live
Barchasi