38-yilgacha qatag‘on qilingan 23 kishi oqlandi

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ochiq sud majlisida raislik qiluvchi Oliy sud raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov, hay’at a’zolari Oliy sud sudyalari: Jahongir Jo‘rayev, Abdulla Allayevdan iborat tarkibda Markaziy Osiyo birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU)ning muxtor vakili qoshidagi uchlik kengashi bayoniga asosan hukm qilingan Nosirxonto‘ra Saidkamolxonto‘rayev va boshqalarga nisbatan (jami 92 kishi) olib borilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, ularni oqlagani haqida xabar bergan edik.

Kecha, 25 avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ochiq sud majlisida raislik qiluvchi Oliy sud raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov, hay’at a’zolari Oliy sud sudyalari Jahongir Jo‘raboyev, Shamsuddin Tojiyevdan iborat tarkibda 23 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan yana 5 ta jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqdi.

Birinchi ishda Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan keltirilgan protest asosida Markaziy Osiyo birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB)ning 1932 yil 23 apreldagi bayonnomasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan Ibrohimbek Chakabayev, Abduqayum Parvonachi O‘layev, Eshon Isaxon Mansurxonov, Alimardon dodho Muhamedov, Sulaymon Salaxutdinov, Kur Ortiq Ashirov, Mulla Niyoz Parvonachi Hakimov, Mulla Ahmadbiy Saidov, Toshmatxo‘ja Berdiyev, Azim Astanaqulov, Kuganbek Shiraliyev, Shohasan Imonqulov, Mirzaqayum Cherov, Kugan Kenjayev, Alyat Polvon Ilmirzayev, Eshon Polvon Bahodirzodaga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Sud hay’ati quyidagilarni aniqladi.

OGPUning 1932 yil 13 apreldagi bayonnomasidan ko‘chirma mavjud. Biroq OGPUning hukmi mavjud emas.

1932 yil 13 aprelda Ibrohimbek Chakabayev, Abduqayum Parvonachi O‘layev, Eshon Isaxon Mansurxonov, Alimardon dodho Muhamedov, Sulaymon Salaxutdinov, Kur Artik Ashirov, Mulla Niyaz Parvanachi Xakimov, Mulla Ahmadbiy Saidov, Toshmatxo‘ja Berdiyev, Azim Astanaqulov, Kuganbek Shiraliyev, Shohasan Imonqulov, Mirzaqayum Cherov, Kugan Kenjayev, Alyat Polvon Ilmirzayev, Eshon Polvon Bahodirzodaga oid jinoyat ishi BDSB tomonidan ko‘rib chiqilib, otib o‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ikkinchi ishda Teregulov Osman Igmatulovich va boshqalarga oid (4 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ishni o‘rganish davomida quyidagilarni aniqladi.

Ma’muriy surgun qilish Komissiyasining 1922 yil 5 martdagi qaroriga ko‘ra, Osman Igmatulovich Teregulov, Aleksandr Vasilevich Yungerov, Iskandar Isxakovich Muratov va Zagidlulla Gayduloyevich Gaynulin Jinoyat kodeksining 60-moddasiga asosan aybdor deb topilgan. Ma’muriy surgun qilish Komissiyasi bayoni bilan:

•    O.Teregulov – 3 yil konslagerda, A. Yungerov 2 yil konslagerda jazo o‘tashi belgilangan;

•    I. Muratov va Z. Gaynulin javobgarlikdan ozod qilinib, Turkiston, Boshqirdiston, Tatariston va Kavkaz Respublikalarida yashash huquqidan mahrum qilingan.

Xorazm Respublikasi favqulodda sessiyasi Oliy Revolyutsiya Tribunali tomonidan 1922 yil 18 noyabr kuni JK 40-moddasiga asosan Teregulov Osman Igmatulovich, Yungerov Aleksandr Vasilevich, Muratov Iskandar Isxakovich va Gaynulin Zagidlulla Gayduloyevich otishga hukm qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari alohida ish yurituviga ajratilgan.

Uchinchi ishda Daminov Latifga oid jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ishni o‘rganish davomida quyidagilarni aniqladi.

SSSR Oliy sud harbiy hay’ati sayyor sudining 1938 yil 15 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Latif Daminov otishga hukm qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

1938 yil 15 oktyabrdagi ma’lumotnomaga ko‘ra, Latif Daminovni otish haqidagi hukm ijrosi amalga oshirilgan.

Navbatdagi ishda G‘ofur Sultonova oid jinoyat ishi sud hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ishni o‘rganish davomida quyidagilarni aniqladi.

1930 yil 27 oktyabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan O‘zbekiston SSR JK 58-modda 2-qismi (qurolli to‘dalar, sovet hududiga qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda bostirib kelishi) va 59-modda 3-qismi (Chet el davlatlari bilan aksilinqilobiy maqsadlarda aloqada bo‘lish) bo‘yicha aybdor, deb topilgan va otuvga hukm qilingan.

So‘nggi ishda Kivam Kiramovga oid jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi ishni o‘rganish davomida quyidagilarni aniqladi.

SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining 1938 yil 9 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 58, 64 va 67-moddalari bilan Kivam Kiramov otuvga hukm qilinib, barcha mol-mulki musodara qilingan.

Sud hay’ati ish materiallarini o‘rganish davomida yuqorida nomi qayd etilgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishini yuritishda bir qator protsessual talablar buzilgani, xususan, ularning himoya huquqi, tarjimon bilan ta’minlanmagani, keltirilgan faktlar tasdig‘ini topmaganini inobatga olgan holda O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan uchlik bayonini bekor qilib, yuqorida qayd etilgan shaxslarni oqlash kerak degan qarorga keldi.

Sud hay’ati ushbu jinoyat ishlarini ko‘rib chiqib, keltirilgan protestlarni qanoatlantirdi va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha 23 nafar shaxs oqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud qatag'on

Baholaganlar

130

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing