38 yil qamoqda o‘tirgan erkak aybsiz bo‘lib chiqdi

Olam

image

Buyuk Britaniyalik Piter Sallivan qotillik uchun ayblanib, deyarli 40 yil qamoqda o‘tirgan bo‘lsa-da, aslida aybsiz bo‘lib chiqqani bois ozodlikka chiqarildi. Apellyatsiya sudi jinoyat ishi bo‘yicha yangi dalillar topilgani sabab hukmni bekor qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

21 yoshli ofitsiant Dayan Sindall 1986 yilda Angliyaning Berkxend shahrida ishdan uyga qaytayotganida zo‘rlanib, o‘ldirilgan. O‘tgan yili ushbu ish qayta ko‘rib chiqilishi uchun maxsus sud xatolarini tekshiruvchi CCRC komissiyasi tomonidan apellyatsiyaga yuborilgan. Bu esa o‘sha vaqtda jinoyat joyidan olingan sperma namunalarida ilgari aniqlanmagan DNK izlari topilgach amalga oshirilgan. Ushbu izlar noma’lum jinoyatchiga tegishli ekani aniqlangan.

Sud majlisida Piter Sallivanning o‘zi ham qamoqxonadan videokonferensiya orqali ishtirok etgan. Hukm bekor qilingani e’lon qilingach, u ko‘z yoshini tiyib tura olmagan.

Bu ish hozirgacha Britaniya tarixidagi jabrlanuvchi hali tirik va begunoh bo‘lgan eng uzoq davom etgan sud xatosi sifatida qayd etilgan. Sallivanning bayonotini advokati o‘qib eshittirgan. Unda aytilishicha, u sudyalaridan “na g‘azabda, na xafa”.

Sud tinglovidan so‘ng, uning singlisi Kim Smit nutq so‘zlagan.

“Bu yerda barcha tomonlar yutqazdi. Ular qizidan ayrildi va uni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Biz esa Piterni qaytardik, endi esa uning hayotini deyarli butkul boshidan qurishimiz kerak bo‘ladi. Bunday holat yuz bergani achinarli”, deya halok bo‘lgan ofitsiantning oilasiga chuqur hamdardlik bildirgan u.

Ham tergovchilar, ham prokuratura vakillarining bir ovozdan ta’kidlashlaricha, o‘sha davrda sperma namunalarini tahlil qilish va taqqoslash uchun zarur texnologiyalar mavjud bo‘lmagan.

London shahridagi Qirollik Adliya sudining uch sudyasi hukmni bekor qilib, yangi genetik dalillarni tan olish “adolat manfaatlari yo‘lida zarur va maqsadga muvofiq” ekanini ta’kidlagan.

Sudyalardan biri lord Xolroyd jabrlanuvchining tanasidagi shikastlanishlar “hujumning jinsiy tusda bo‘lganini aniq ko‘rsatadi” degan va buning asosida sperma namunasi aynan haqiqiy qotilga tegishli bo‘lganini yuqori ehtimollik bilan tan olish zarurligini bildirgan.

“Jinoyatda bir nechta odam ishtirok etganiga asos yo‘q va jinsiy aloqa o‘zaro rozilik bilan bo‘lganiga doir hech qanday dalil mavjud emas”, degan u.

Xabar berilishicha, sud majlisi tugaganidan keyin darhol Piter Sallivan ozodlikka chiqarilgan. U qariyb 38 yil-u 8 oy qamoqda o‘tirgan – jami 14 113 kun.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada xo‘jayini, uning xotini va ikki bolasining qotili sifatida ayblanib, 1968 yilda o‘limga hukm qilingan Ivao Hakamada sud tomonidan oqlangandi. Hakamada 2011 yilda o‘lim jazosini eng ko‘p kutgan inson sifatida e’tirof etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya qamoq Piter Sallivan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing