3,5 million qurbon: Britaniya razvedkasi koronavirus laboratoriyada ishlab chiqilganiga ishonmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya razvedkasi Xitoy Xalq Respublikasidagi Uxan virusologiya instituti COVID-19 pandemiyasiga sababi bo‘lgan, degan versiyaga ishonmoqda. Bu haqda “The Sunday Times” gazetasi bugun, 30 may kuni Qirollik razvedka xizmatidagi manbalariga asoslanib xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, dastlab G‘arb razvedka xizmatlari, shu jumladan inglizlar ham koronavirusning laboratoriyada ishlab chiqilganini ehtimoldan yiroq, deb hisoblagan. Biroq, vaziyatni qayta baholash amalga oshirilgan va hozirda bu borada razvedkaning pozitsiyasi o‘zgargan.

Shu bilan birga, Britaniya nashri o‘z maqolasida Amerika razvedkasidagi manbasining fikrini keltirib o‘tgan. Unga ko‘ra, agar butun dunyoga tarqalgan yuqumli kasallikning sabab va ildizi topilmasa, u holda “bu yana sodir bo‘lishi mumkin”.
 
Avvalroq, Britaniyalik professor Angus Dalglish va norvegiyalik virusolog Birger Sorensen koronavirusning sun’iy kelib chiqishi to‘g‘risida “dalil”ga ega ekanini aytgandi. 

Professor Dalglishning so‘zlariga ko‘ra, deyarli barcha yirik ilmiy nashrlar, shu jumladan Britaniyaning “Nature” jurnali o‘sha paytda ularning tadqiqot ishini nashr etishdan bosh tortgan. Oxir-oqibat SARS-Cov-2 virusi laboratoriyada ishlab chiqilgani to‘g‘risidagi ilmiy tadqiqot ishi Kembrij Universitetining “QRB Discovery” nashrida e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 30 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus kelib chiqishini bilish uchun mutaxassislarning Uxanga qilgan safari natijalari to‘g‘risida hisobotni e’lon qilgandi.

JSST hisobotida mutaxassislar virusning kelib chiqishi to‘g‘risida aniq xulosaga kela olmagani hamda infeksiya kelib chiqishining laboratoriya versiyasi ehtimoldan yiroqligi qayd etilgandi. 

Keyinchalik, ushbu hisobot ko‘plab tanqidlarga uchradi. Jumladan, AQSHning sobiq Davlat kotibi Mayk Pompeo Twitter'dagi sahifasida JSST mutaxassislarining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisobotini qattiq tanqid qilib, uning mualliflarini Xitoyning “dezinformatsiya kampaniyasini” qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

O‘z navbatida Xitoy rasmiylari koronavirus masalasini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi

Ma’lumot uchun, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlandi. 29 may holati bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab ushbu virusni 170 milliondan ortiq odam yuqtirib oldi, 3 million 500 mingdan oshiq inson undan vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

245

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing