2050 yilgacha Yer yuzida 60 yoshdan kattalar soni ikki barobar oshadi – JSST
Olam
−
17 Oktabr 2024 2601 1 daqiqa
Dunyoda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2030 yilga kelib, 60 va undan katta yoshli odamlar Yer yuzi aholisining oltidan bir qismini tashkil qilishi kutilyapti. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2020 yilda ularning soni 1 milliard nafardan iborat bo‘lgan. 2030 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard kishiga yetishi prognoz qilingan.
2050 yilgacha esa 60 va undan katta yoshdagi aholi miqdori ikki baravar ko‘payadi, ya’ni 2,1 milliard kishiga ko‘tariladi. O‘z navbatida, 2050 yilgacha 80 yosh va undan kattalar soni uch baravar oshib, 426 million nafarga yetadi.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ushbu tahlillar jahon bo‘yicha aholi tarkibida keksalar ulushi oshib borayotganini tasdiqlaydi. Mazkur jarayon, ayniqsa, taraqqiy etgan mamlakatlarda tezlashgan.
Masalan, Yaponiyada 60 yoshdan oshgan odamlar allaqachon aholining 30 foizini tashkil qilmoqda.
Past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda ham 2050 yilgacha 60 yoshdan kattalar aholining uchdan ikki qismiga yetishi taxmin qilinmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar kelgusida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimlarini ushbu demografik o‘zgarishlarga tayyorlash vazifasini kun tartibiga qo‘yadi.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Dunyo aholisining 2300 yilga bo‘lgan istiqbollari” deb nomlangan hisobotida O‘zbekiston aholisi 2100 yilning yanvariga borib 74,2 million kishiga (hozir 37,1 million) ko‘payishi qayd etilgandi.
Live
Barchasi