2026 yilgi Jahon chempionati finali qanday o‘tdi? (fotoreportaj)
Sport
−
20 iyul 4492 3 daqiqa
Kecha, 19 iyul kuni 2026 yilgi Jahon chempionati finali bo‘lib o‘tdi. Final uchrashuvi boshlanishidan avval turnirning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shouning asosiy yulduzi amerikalik reper Post Meloun bo‘ldi. “Gremmi” mukofoti sohibi Jennifer Hadson AQSH davlat madhiyasini ijro etdi.
Marosimda, shuningdek, Tom Kruz, Robbi Uilyams, Laura Pauzini, Nikol Sherzinger hamda mashhur bloger ISHowSpeed ham ishtirok etdi.
Tantanali dastur tufayli final bahsi belgilangan vaqtdan olti daqiqa kech boshlandi.
Uchrashuvni Argentina sardori Lionel Messi va Ispaniyaning 19 yoshli iqtidori Lamin Yamal asosiy tarkibda boshladi. Ikki futbolchi o‘rtasidagi yosh farqi 20 yildan ortiqni tashkil qildi.
Messi o‘z faoliyatida uchinchi marta Jahon chempionati finalida maydonga tushib, mundial finallarida asosiy tarkibda o‘ynagan eng yoshi katta futbolchiga aylandi.
Birinchi bo‘limda Ispaniya to‘liq ustunlik qildi. Argentina esa tarixda ikkinchi marta Jahon chempionati finalining birinchi taymida raqib darvozasi tomon birorta ham zarba yo‘llay olmadi. Bu orqali argentinaliklar Fransiyaning 2022 yilgi antirekordini takrorladi.
Tanaffus ham o‘ziga xos bo‘ldi. Madonna, BTS, Shakira va “Ted Lasso” seriali yulduzi Jeyson Sudeykis ishtirokidagi musiqiy shou sabab tanaffus qariyb 27 daqiqa davom etdi. Bu esa futbol qoidalarida belgilangan 15 daqiqalik tanaffusdan ancha uzoq davom etdi.
Ikkinchi bo‘limda ham hisob ochilmadi. Asosiy vaqtning 90 daqiqasiga kelib Argentina haligacha raqib darvozasiga aniq zarba yo‘llay olmagan edi. Bu esa 1966 yildan buyon Jahon chempionati finallari tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.
Qo‘shimcha vaqtda Argentina og‘ir ahvolga tushib qoldi. Enso Fernandes qizil kartochka olib, maydonni tark etdi va jamoa o‘n kishi bo‘lib qoldi.
96-daqiqada Ispaniya hisobni ochgandek bo‘ldi. Biroq goldan avval Mikel Merino Nikolas Otamendiga nisbatan qoidabuzarlik qilgani uchun Niko Uilyams urgan gol VAR qarori bilan bekor qilindi.
Shunga qaramay, ispanlar maqsadiga erishdi. 106-daqiqada Niko Uilyamsning uzatmasidan so‘ng Ferran Torres turnirdagi ilk golini kiritib, Ispaniyani oldinga olib chiqdi.
Keyinchalik Torres yana bir bor to‘pni darvozaga joyladi, ammo ofsayd sabab gol hisoblanmadi.
Argentina o‘yinning qolgan qismida hisobni tenglashtirish uchun bor kuchini sarfladi. Ammo Ispaniya himoyasi ishonchli harakat qildi va 1:0 hisobidagi g‘alabani saqlab qoldi. Shu tariqa ispanlar o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempioniga aylandi.
Final hushtagidan keyin futbolchilar o‘rtasida qisqa tortishuv yuzaga keldi. Argentina bosh murabbiyi Lionel Skaloni mojaroni tinchlantirishga harakat qildi.
Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng Lionel Messi his-tuyg‘ularini yashira olmadi va ko‘z yoshi to‘kdi. Ko‘pchilik bu uning faoliyatidagi so‘nggi Jahon chempionati bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Taqdirlash marosimida medallar va chempionlik kubogini FIFA prezidenti Janni Infantino hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp topshirdi.
Ispaniya sardori Rodri chempionlik kubogini Tramp qo‘lidan qabul qilib oldi.
Finalning eng yaxshi futbolchisi deb Ferran Torres e’tirof etildi. Ispaniya himoyachisi, 19 yoshli Pau Kubarsi turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi sovriniga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, Ispaniya sardori Rodri 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritdi..jpg)
.jpg)
Live
Barchasi