2026 yilda o‘zbekistonliklar qancha kredit oldi?

Jamiyat

image
Joriy yilning birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi jami 34 ta tijoriy banklarning aktivlar hajmi 962,8 trillion so‘mni tashkil etib, uning 629 trillion so‘m qismi kreditlar uchun sarflangan. Bu haqda Markaziy bank xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 may holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Aktivlar hajmi bo‘yicha eng yirik 12 ta bank (aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori) hissasiga bank tizimi aktivlarining qariyb 80 foizi yoki 767,6 trillion so‘mi to‘g‘ri kelgan.

Kredit portfelining asosiy qismi ham aynan yirik banklarda jamlangan. Bank tizimidagi jami 629 trillion so‘mlik kreditlarning 521,5 trillion so‘mi yoki 83 foizi aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan banklar hissasiga, ya’ni ayni o‘sha 12 ta bankka to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilishicha, kreditlar tarkibida uzoq muddatli kreditlar ustunlik qilmoqda. Uzoq muddatli kreditlar jami 552,8 trillion so‘m bo‘lgan. Ularning 459,6 trillion so‘mi yirik banklar tomonidan ajratilgan. Bank tizimining kapital bazasi ham yuqori darajada shakllangan. Jami kapital 144 trillion so‘mni tashkil etib, uning 111 trillion so‘mi aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra, bank tizimi 6,9 trillion so‘m sof foyda ko‘rgan. Kapital monandligi, ya’ni xavfsizlik ko‘rsatkichi esa 18,4 foiz darajasini ko‘rsatgan.

Regulyatorga ko‘ra, banklarda depozitlar hajmi ham o‘sishda davom etmoqda. Banklardagi aholi omonatlarining umumiy hajm 170,2 trillion so‘mga, yuridik shaxslar depozitlari esa 274,2 trillion so‘mga yetgan. Mazkur mablag‘larning asosiy qismi yirik banklarda jamlangan bo‘lsa-da, o‘rta va kichik banklar segmentida ham depozit bazasi bosqichma-bosqich kengayib borayotgani ta’kidlangan.

Xulosa qilinsa, nafaqat joriy yilning 1 may holatigacha bo‘lgan davrda, balki umuman olganda ham O‘zbekiston bank tizimida "gigantlar" (yirik banklar) asosiy rolda o‘tiribdi. Ular iqtisodiyotni eng katta pullar bilan ta’minlamoqda va asosiy richag vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, qolgan kichik banklarning ham kapital aylanmasidagi hissasi nisbatan ortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing