2025 yilning eng yaxshi futbolchisi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
08:32 5205 2 daqiqa
PSJ hujumchisi Usmon Dembele Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) tomonidan 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Ushbu mukofot The Best FIFA Football Awards marosimi doirasida topshirildi.
Ortda qolgan mavsumda Dembele PSJ safida Fransiya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek, Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Bundan tashqari, fransuz grandi bilan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati finaliga qadar yetib bordi.
2024-2025 yilgi mavsum davomida 28 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda jami 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 35 ta gol urdi va 16 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Dembele sovrin uchun kurashda Ashraf Hakimi (PSJ va Marokash), Harri Keyn (“Bavariya” va Angliya), Kilian Mbappe (“Real” va Fransiya), Nunu Mendesh (PSJ va Portugaliya), Koul Palmer (“Chelsi” va Angliya), Pedri (“Barselona” va Ispaniya), Rafinya (“Barselona” va Braziliya), Muhammad Saloh (“Liverpul” va Misr), Vitinya (PSJ va Portugaliya) va Lamin Yamal (“Barselona” va Ispaniya) kabi futbolchilarni ortda qoldirdi.
Shuningdek, FIFA tomonidan 2025 yilning ramziy terma jamoasi ham e’lon qilindi. Yil ramziy jamoasidan quyidagi futbolchilar o‘rin oldi:
- Darvozabon – Janluiji Donnarumma (“Manchester Siti”);
- himoyachilar – Ashraf Hakimi (PSJ), Villian Pacho (PSJ), Virjil Van Deyk (“Liverpul”), Nunu Mendesh (PSJ); yarimhimoyachilar Koul Palmer (“Chelsi”), Jud Bellingem (“Real Madrid”), Vitinya (PSJ), Pedri (“Barselona”);
- hujumchilar Lamin Yamal (“Barselona”) va Usmon Dembele (PSJ).
Qolaversa, PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike FIFA talqiniga ko‘ra 2025 yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Ayollar futboli bo‘yicha ham yilning eng yaxshilari aniqlandi. 2025 yilning eng yaxshi ayol futbolchisi sifatida “Barselona” yarim himoyachisi Aitana Bonmati e’tirof etildi. Eng yaxshi murabbiy mukofoti Angliya terma jamoasini Yevro–2025 chempionligiga qadar olib kelgan Sarina Vigmaninga topshirildi. Eng yaxshi darvozabon sifatida esa “Chelsi” va Angliya terma jamoasi posboni Xanna Xempton tan olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Usmon Dembele “France Football” nashrining 2025 yilgi “Oltin to‘p” mukofotiga ham sazovor bo‘lgandi.
Live
Barchasi