2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi
Jamiyat
−
24 dekabr
5219O‘zbekistonda 2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda bugun, 24 dekabr kuni Prezidentga sog‘liqni saqlash sohasida 2025 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot berildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘ hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezident bu sohadagi asosiy vazifa – birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish ekanini ta’kidlagan. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Bu bo‘yicha turkiyalik ekspertlar 6 ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar o‘rganilgan.
“O‘rganishlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini tizimli isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi bo‘g‘in transformatsiyasi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu yo‘nalish xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi. Nazariy bilim va ko‘nikmalarni egallashdan kompetensiyalarni rivojlantirishga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Shuningdek, kelgusi yil tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi.
Hududlarga bo‘layotgan e’tibor izchil davom ettiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.
Yana 35 ta yo‘nalishdagi 400 ta milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi. 7 ta ixtisoslashgan markaz va 2 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratilib, tibbiy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan hamohangligini mustahkamlash, bitiruvchilarning birlamchi bo‘g‘inda tajriba orttirishini tashkil etish muhimligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi