2025 yilda qancha yo‘lovchi aviaqatnovlardan foydalandi?
Bu qiziq
−
16:03 471 1 daqiqa
2025 yilda dunyo bo‘ylab deyarli 5 milliard nafar yo‘lovchi aviaqatnovlardan foydalangan. 2026 yilda esa aviayo‘lovchilar soni yangi rekord o‘rnatib, 5,2 milliarddan oshishi kutilmoqda. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA) yangi hisobotida keltirilgan.
Prognozlarga ko‘ra, kelgusi yilda ham soha o‘sishda davom etadi: global yo‘lovchi oqimi 4,4 foizga oshib, jami yo‘lovchilar soni 5,2 milliarddan yuqori bo‘ladi. Shuningdek, 2026 yilda aviaqatnovlar soni 3,6 foizga ko‘payishi, yo‘lovchi aylanmasi esa 4,9 foizga oshishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning bildirishicha, bu ko‘rsatkichlar aviatsiya sohasi nafaqat pandemiyadan keyin tiklanganini, balki 2019 yilgi inqirozgacha bo‘lgan eng yuqori darajani ham ortda qoldirib, yangi marralarga chiqqanini yaqqol ko‘rsatadi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2024-2026 yillar oralig‘ida yo‘lovchi aylanmasining o‘sish sur’ati global YAIM o‘sishidan atigi 1,5 baravar yuqori bo‘ladi. Bu esa so‘nggi 30 yil davomida kuzatilgan 2,3 baravarlik tarixiy ko‘rsatkichdan ancha past.
Buning asosiy sababi sifatida sohadagi tarkibiy cheklovlar ko‘rsatilmoqda: yangi samolyotlar yetkazib berilishidagi kechikishlar, texnik xizmat ko‘rsatishdagi navbatlar, shuningdek, kadrlar tanqisligi. Ushbu omillar aviakompaniyalarga ortib borayotgan talabni to‘liq qondirish uchun tashish quvvatlarini yetarli darajada oshirishga imkon bermayapti.
Live
Barchasi