2024 yilda dunyodagi qurol savdosi rekord darajaga yetdi – BMT
Olam
−
11 dekabr 1497 2 daqiqa
2024 yilda dunyodagi qurol savdosi rekord darajaga yetdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, eng yirik 100 ta qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyaning daromadi o‘tgan yili 679 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichning o‘sishiga Ukraina va G‘azodagi urushlar, global keskinliklarning kuchayishi hamda davlatlar tomonidan harbiy xarajatlarning ko‘payishi sabab bo‘lgan.
Tyurk BMTning Jenevadagi ofisida jurnalistlar bilan uchrashuvda 2025 yildagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha ma’lumot berdi. U inson huquqlari yetarli moliyalashtirilmayotganini va ularga qarshi bosim kuchayganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo hali ham tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi azob-uqubatlar, qo‘rquv va yo‘qotishlar hududi bo‘lib qolmoqda. Sulhga qaramay, hujumlar va qurbonlar kamaygan bo‘lsa-da, to‘liq to‘xtamagan.
G‘arbiy Sohilda isroillik harbiylar va ko‘chmanchilar tomonidan falastinliklarga nisbatan hujumlar kuchaygan. Sudan bo‘ylab armiya va Tezkor reaksiya kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etib, aholiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Ukrainada esa tinch aholi o‘rtasida qurbonlar soni o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshgan.
Tyurk BMT faoliyati uchun zarur bo‘lgan mablag‘ tamoman ajratilmagani sabab 90 million dollarlik tanqislik yuzaga kelganini, bu esa 300 ta ish o‘rni qisqarishiga hamda Kongo Demokratik Respublikasi, Kolumbiya, Myanma, Tunis va boshqa davlatlardagi muhim loyihalarning to‘xtashiga olib kelganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, joriy yilda ayrim tinchlik bo‘yicha harakatlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, G‘azo, Kongo Demokratik Respublikasining sharqi, shuningdek, Tailand va Kambodjada tuzilgan kelishuvlar aholiga yetarli himoya bera olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil politsiyasi BMT tashkilotining binosiga bostirib kirgandi.
Live
Barchasi