Tramp ma’muriyati Isroilga 2,8 milliard dollarlik qurol sotmoqchi
Olam
−
08:29 486 2 daqiqa
Donald Tramp ma’muriyati Isroilga qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan harbiy o‘q-dorilar to‘plamini sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSHlik rasmiyning “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, paket tarkibida o‘ta vayronkor 2 000 funtlik bombalardan o‘n minglab dona bo‘ladi.
Anonimlik sharti bilan gapirgan rasmiyning aytishicha, rejalashtirilayotgan kelishuv doirasida 20 mingta MK 84 va 20 mingta BLU-117 bombasi Isroilga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha ma’lumot ushbu yirik bitimlarga munosabat bildiruvchi Kongress qo‘mitalariga norasmiy ravishda yetkazilgan. Mazkur paket haqida birinchi bo‘lib “The Washington Post” xabar bergan.
AQSHda Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasi 2023 yilda G‘azo urushi boshlanganidan buyon, ayniqsa Demokratik partiya tarafdorlari orasida pasaygan. Joriy yilning iyun oyida Quinnipiac University o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, saylovchilarning 48 foizi va demokratlarning 66 foizi AQSH Isroilni haddan tashqari qo‘llab-quvvatlamoqda, deb hisoblagan. 2017 yilda bu savol birinchi marta berilganida mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 16 va 20 foizni tashkil etgan.
2 000 funtlik bombalar Isroil tomonidan G‘azo sektori, shuningdek, Livanda muntazam qo‘llanib kelingan va bu huquq ekspertlarining tanqidiga sabab bo‘lgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning harbiy amaliyotlari oqibatida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. BMTning bir tergov komissiyasi Isroil G‘azoda genotsid sodir etgan, degan xulosaga kelgan, Isroil esa bu ayblovni rad etadi.
Isroil o‘z harakatlarini o‘zini himoya qilish chorasi sifatida baholaydi. Bunga sabab sifatida 2023 yil oktyabr oyida HAMAS boshchiligidagi jangarilar hujumida 1 200 kishi halok bo‘lgani va 250 dan ortiq odam garovga olinganini keltiradi.
Ma’lumot uchun, AQSH va Isroil 28 fevral kuni Eronga hujum qilgan. Eron bunga javoban Isroil va AQSH harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga zarbalar bergan.
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari hamda Isroilning Livandagi hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Live
BarchasiRonaldu “Al-Nasr” klubini sotib olmoqchi
15 sentabr