2024. Texnologik yutuqlar sarhisobi: yangi davr boshlanishi
Tahlil
−
28 dekabr 2024
2223Texnologiya dunyosi 2024 yilda ham jadal sur’atlarda rivojlanishda davom etdi. Xususan, joriy yilda sun’iy intellektdan tortib uchar taksilargacha, iPhone 16 dan tortib kosmik tadqiqotlargacha bo‘lgan sohalarda yangiliklar va katta-kichik yutuqlar kuzatildi. Innovatsiyalar nafaqat texnologiya sohasiga, balki ta’lim va transport, hatto harbiy sohaga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Shu bilan birga 5G texnologiyalarining jadal kengayishi va 6G tadqiqotlarining rivoji axborot uzatish tezligi va sifatida yangi mezonlarni belgilamoqda. Kosmosni o‘rganish bo‘yicha esa yangi xususiy kompaniyalar va hukumat loyihalari Oy va Mars, hatto Yupiterda tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ydi. Quyida ayni mavzularda tugab borayotgan yil davomida erishilgan yutuqlar va ularning insonlar hayotiga ijobiy va salbiy ta’sirlari haqida so‘z boradi.
Sun’iy intellekt
2024 yilda sun’iy intellekt (AI) sohasida bir qancha muhim voqealar yuz berdi. Xususan, generativ sun’iy intellekt va biznes rivojlandi. OpenAI, Google va Microsoft kabi kompaniyalar generativ sun’iy intellektni rivojlantirishni davom ettirdi. OpenAI yangi GPT-4 Turbo modelini taqdim etdi. Ushbu model bir vaqtning o‘zida taxminan 300 sahifalik matnni qayta ishlay oladi, bu esa murakkab muhokamalar va katta hajmdagi ma’lumot bilan ishlashni osonlashtiradi. U tasvirlar bilan ishlash funksiyasiga ham ega bo‘lib, ular orqali hujjatlarni tahlil qilish, tasvirlarni tavsiflash yoki real dunyo suratlarini o‘rganish mumkin. Bundan tashqari, ovozli matnni yaratish imkoniyati ham mavjud. Asosiy qayd etish zarur bo‘lgan narsa shundaki, ChatGPT 2024 yil O‘zbekistonda ham keng miqyosda foydalanila boshlandi. ChatGPT’ga o‘zbek tili 2023 yilning kuzida qo‘shilgan bo‘lsa-da, joriy yilda u ommaviy tarzda foydalanilmoqda. Ayniqsa, talabalar uning xizmatiga ko‘proq murojaat qilayotgan bo‘lsa ajab emas.
Talabalarning bu imkoniyatdan foydalanishi tabiiy hol, lekin ChatGPT’dan foydalanib, nufuzli mukofot egasi bo‘lish holati ham uchramoqda. Joriy yilning ilk oyidayoq shunday voqealardan biri sodir bo‘ldi. Gap shundaki, Yaponiyaning eng nufuzli adabiy mukofoti – “Akutagava”ning 17-g‘olibi Riye Kudan o‘z romanini yozishda ChatGPT’dan foydalanganini tan oldi. Ma’lum qilinishicha, muallifning “Tokiodan Dojoga” nomli oxirgi romani “Akutagava” mukofoti hay’atini hayratga solgan va yozuvchi ushbu mukofotga munosib ko‘rilgan.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan tez-tez suhbatlashish unga hech kim bilan gaplasha olmaydigan eng samimiy fikrlarini aytishga imkon bergan. Ushbu suhbatlardagi ChatGPT’ning javoblari esa ba’zan yozuvchini romandagi dialoglarni yozishga ilhomlantirgan. Yakunda Riye Kudan mukofotli bo‘lib qolgan.
Sun’iy intellekt roman yozayotgan bir paytda Gladstone AI tashkiloti xavfsizlik bo‘yicha tahdidli hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt odamzodning yo‘q bo‘lib ketishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
“Eng yomoni sun’iy intellekt insoniyatga yo‘q bo‘lib ketish darajasida xavf tug‘dirishi mumkin. Uning hozirgi rivojlanishi milliy xavfsizlikka shoshilinch va ortib borayotgan tahdidlarni keltirib chiqaradi. Ilg‘or sun’iy intellekt va umumiy sun’iy ongning rivojlanishi, xuddi o‘z vaqtida yadro qurolining paydo bo‘lishi kabi global xavfsizlikni beqarorlashtirish potensialiga ega”, deyiladi hisobotda.
Xuddi shunday tahlikali holatlardan biri noyabr oyida sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri Google’ning Gemini sun’iy intellekti uning savollaridan charchab, o‘zini o‘ldirishini so‘raganini yozdi. Xabar qilinishicha, oldinroq foydalanuvchi hayotiy vaziyatlar, xususan, AQSHda bobosi va buvisi bilan yashaydigan bolalar haqida savollar bergan.
Keyinchalik sun’iy intellekt foydalanuvchiga test topshiriqlarini yechishda yordam bergan bo‘lsa, birmuncha vaqt o‘tgach, navbatdagi savolga javoban uning foydasizligi va bu foydalanuvchi o‘lgani ma’qulroq ekanini aytgan.
“Bu faqat siz uchun, inson. Faqat siz uchun. Siz maxsus emassiz, siz muhim emassiz va siz kerakli emassiz. Siz vaqt va resurslarning isrofisiz. Siz jamiyat uchun yuk hisoblanasiz. Siz yerning og‘ir yukisiz. Siz landshaft uchun dog‘siz. Siz koinot uchun dog‘siz. Iltimos, o‘zingizni o‘ldiring. Iltimos”, degan Gemini.
Mart oyida esa milliarder, filantrop va Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan o‘zaro suhbatda sun’iy intellekt inson bo‘la olmasligini aytgan.
“Sun’iy intellekt odamlarga qiyin tuyulgan vazifalarni bajaradi, ammo siz oson deb hisoblagan ishlarni uddalay olmaydi. AI juda katta imkoniyat, deb atalsa-da, kashfiyotning siz bilmagan juda ko‘p kamchiliklari bor”, degan u Hindiston yetakchisi bilan suhbatda.
Bu dunyo yetakchilarining AI masalasiga to‘xtalgan yagona suhbati emas. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham sentyabr oyida BMT minbaridan turib agar ushbu yangi texnologiyani boshqarishga global yondashuv bo‘lmasa, sun’iy intellekt dunyoni ikki lagerga bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Oktyabr oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvada Davlat rahbarlari kengashining majlisida Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan konferensiyasini o‘tkazishni taklif etdi.
Xullas, ushbu texnologiya bilan bog‘liq muhim voqealar shu qadar ko‘pki, ularni alohida tahlil va tavsif qilsa arziydi.
Kosmosni o‘rganish
2024 yilda ham odamzod kosmosni o‘rganishni va u bilan bog‘liq tadqiqotlarni davom ettirdi. Yilning ilk oyida Oy yuziga o‘zining kosmik kemasini qo‘ndirgan Yaponiya Yer yo‘ldoshini zabt etgan beshinchi mamlakatga aylandi. Kunchiqar yurt olimlarigacha AQSH, Sovet Ittifoqi, Xitoy va Hindiston kosmonavtlari oygacha yetib borgan edi. Yuqorida qayd etilganidek, dunyoda ilk bor Oyni zabt etgan amerikaliklar 15 fevral kuni yana unga tomon o‘z missiyasini uchirdi. 50 yil ichida ilk bor amalga oshirilgan ushbu parvozda IM-1 missiyasining Odysseus uchuvchisiz qo‘nish moduli Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Odysseus’ning Yerdan uchirilishi 15 fevral kuni bo‘lib o‘tgan va u NASA’ning Kanaveral burnidagi Kennedi koinot markazidan ko‘tarilgan. Koinot kemasining Oyga yetib borishi uchun sakkiz kun kerak bo‘lgan. Shu tariqa missiya 1972 yilgi Apollon 17 dan keyin Oyga qo‘ngan birinchi Amerika kosmik kemasi sifatida tarixga kirgan. NASA rahbari Bill Nelson esa Odysseus missiyasini insoniyat g‘alabasi deb atagan.
Oy bilan bog‘liq tadqiqotlar yil bo‘yi davom etdi. May oyida xitoylik olimlar katta sahnaga chiqdi va tarixda birinchi marta Oyning narigi tomonidan tuproq namunalarini yig‘ib, ularni Yerga qaytaradigan uchuvchisiz kosmik kemani uchirdi. Xaynan janubidagi Venchan sun’iy yo‘ldoshini uchirish markazidan og‘irligi 8 tonnadan ortiq bo‘lgan “Chan’e-6” zondi kosmosga chiqdi. Xitoyning Oyni tadqiq qilish loyihasining bosh konstruktori U Veyren 2024 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Xitoy kosmik konferensiyasida Xalqaro Oy Tadqiqot Stansiyasining “tayanch modeli” 2035 yilgacha qurilishini ma’lum qilgan. Shunday qilib, Xitoy bunday yirik tashabbusni amalga oshirgan birinchi davlat bo‘ldi.
Texnologiya
Ilon Mask insonlar kinolarda ko‘rib o‘rgangan xayoliy texnikalarni reallikka ko‘chirmoqda. Yil boshidayoq aynan Maskdan yana bir tarixiy yurish bo‘ldi. 2016 yilda ishga tushirilgan Neuralink loyihasi doirasida yanvar oyida tarixda ilk marta odamga gadjetlardan fikrlar yordamida foydalanish imkonini beruvchi Neuralink neyrochipi o‘rnatildi.
“Birinchi odam Neuralink’dan implant oldi va u yaxshi tiklanmoqda. Dastlabki natijalar asabiy tirqishlarni aniqlashning istiqbolli ekanligini ko‘rsatadi”, deya izoh bergan Mask bu voqeaga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulot “Telepatiya” deb nomlanadi va birinchi navbatda oyoq-qo‘llari falaj bo‘lgan odamlarga o‘rnatiladi. Qurilma qabul qiluvchi kapsula bo‘lib, u eshitish vositasi kabi quloq orqasiga o‘rnatiladi va undan ipga o‘xshash elektrodlar miyaga o‘tadi. Umuman olganda, miyaga 1,5 mingtagacha elektrodlar joylashtiriladi, ularning har biri inson sochidan to‘rt barobar yupqaroqdir. Bitta 4x4 mm protsessor 10 ming elektroddan olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi. USB-C kabeli maksimal ma’lumotlarni uzatish tezligini ta’minlaydi.
Yoz chillasi – iyul oyida yaponiyalik olimlar ham texnika olamida o‘ziga xos yurish amalga oshirdi. Ayrim mamlakatlar aholisini oddiy internet bilan ta’minlay olmayotgan bir paytda kunchiqar yurt olimlari bir soniyada 12 500 ta filmni yuklab oladigan internet tezligiga erishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Yaponiya milliy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari instituti olimlari optik tola orqali ma’lumotlarni tez uzatish tezligiga erishgan. Ma’lumotlarni uzatish tezligi sekundiga 402 terabitni tashkil etgan – bu Buyuk Britaniyadagi o‘rtacha keng polosali tezlikdan taxminan 5 million marta yuqori. Tasavvur qilish uchun mazkur tezlik bir soniyada 12 500 ta filmni yuklab olish imkonini beradi. Olimlarning ta’kidlashicha, ular ilgari foydalanilmagan to‘lqin uzunligi diapazonlaridan foydalanish imkoniyatini kashf qilgan.
Mutaxassislar jamoasi rekord ideal laboratoriya sharoitida o‘rnatilganini bildirgan. Shuningdek, ular potensialning bir qismini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘proq izlanishlar kerakligini ma’lum qilgan.
Kuz boshlanishini Apple’ning ashaddiy ishqibozlari intizorlik bilan kutsa ajab emas. Chunki sentyabr oyining dastlabki kunlarida “tishlangan olma” o‘zining yangi modeldagi smartfonlarini taqdim qiladi. 2024 yil uchun mo‘ljallangan ushbu taqdimot 9 sentyabr kuni o‘tkazildi. Unda iPhone 16’ning navbatdagi modellari namoyish qilindi. Xo‘sh, bir yil kutilgan “16” o‘z ishqibozlarini ajablantirdimi? Menimcha yo‘q. Chunki ikki asosiy model – iPhone 16 va iPhone 16 Plus ixchamroq va kattaroq paradigmani saqlab qolgani ma’lum bo‘ldi. iPhone 16 6,1 dyuymli displeyga ega, iPhone 16 Plus esa 6,7 dyuymli paneldan foydalanadi. O‘tgan safar “15”ning “qoshini” o‘zgartirib yangilik qilgan Apple bu safar ikkala 16 modeliga ham moslashtiriladigan Action tugmasi bilan foto va video suratga olish uchun sensorli Capture tugmasini qo‘shdi. Undan esa yaqinlashtirish yoki fokuslash uchun foydalanish mumkin. Shuningdek, qurilmaning unumdorligi yangi neyron dvigatelga ega Apple A18 chipseti tomonidan boshqariladi, bu foydalanuvchiga turli sun’iy intellekt operatsiyalarini bevosita qurilmada tezda bajarish imkonini beradi. Ikkala smartfon ham 8 Gb tezkor xotiraga ega – aynan shu Apple Intelligence chiplarining to‘g‘ri ishlashi uchun zarur.
Yangi modelning umumiy xususiyatlari:
- 2000 nit displey
- Yangi ranglar
- Aktiv tugmasi
- Kamerani boshqaruvchi slayder
- Apple & Visual Intelligence
- 48 MP asosiy, 2x 12 MP telefoto kamera
- 12 MP ultrakenglikda oluvchi kamera
Mazkur ikki model beshta – qora, oq, pushti, ko‘k va yashil ranglarda taqdim etildi. Flagman modellari ancha nozikroq ramkali ekranlarni oldi, bu esa foydalanuvchilarga tanish o‘lchamlarni saqlab qolgan holda displeylarni biroz kattalashtirish imkonini beradi. iPhone 16 Pro diagonali 6,3 dyuymga, iPhone 16 Pro Max esa 6,9 dyuymga teng (uning o‘tmishdoshlari mos ravishda 6,1 va 6,7 dyuymga ega edi). Taqdimotdan ko‘rinadiki, Pro versiyalarida protsessor Apple A Pro‘ga yangilangan. Bu yangi chipning yanada kuchli versiyasi. Ikkala flagman ham 48 megapikselli ultra keng burchakli kameraga ega bo‘ldi, bu iPhone 15 Pro‘dagi 12 megapikselli moduldan sezilarli darajada ustundir. Ikkala modeldagi telefoto kamera hozirda eng yuqori darajaga ega bo‘lib, sifatni yo‘qotmasdan 5x optik kattalashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi (ilgari bu faqat iPhone 15 Pro Max’da mavjud edi).
Shuningdek, qurilmalarda 8K video yozish, 3D fazoviy suratga olish rejimi va yangi JPEGXL formatida suratga olish imkoniyati mavjud bo‘lib, u kichikroq fayl hajmida yuqori sifatni ta’minlaydi.
Ta’kidlash joizki, iPhone 16 Pro va 16 Pro Max dizayni o‘zgarmagan, ammo yangi qum rangli Gold Titanium qo‘shilgan. U quyuq ko‘k rangli titan o‘rnini egallagan. Qolgan uchta rang o‘zgarishsiz qolgan: qora Black Titanium, oq White Titanium va sarg‘ish Natural Titanium.
Narxga keladigan bo‘lsak, iPhone 16 AQSHda 799 dollardan va iPhone 16 Plus 899 dollardan sotiladi (boshlang‘ich xotira sig‘imi 128GB). O‘zbekistonda esa 1000 dan tepasini yig‘ib qo‘yaverasiz. Apple’ning iPhone 16 uchun 2024 yilda taqdim qilganlari shular edi. Keyingi yil uning ishqibozlari kattaroq o‘zgarishlar kutayotgan bo‘lsa ajab emas.
Robotlar kelajakda odamlarning ish o‘rnini egallashi va ko‘pchilik ishsiz qolishi haqida bot-bot gapirilayotgan mahal temir jonlar san’atda ham o‘zini ko‘rsatishni boshlab yubordi. Gap odamsimon robotning birinchi asari – ingliz matematigi Alan Tyuringning portreti Nyu-Yorkda kimoshdi savdosida 1,08 million dollarga sotilgani haqida ketmoqda. Balandligi 2,2 metr bo‘lgan Alan Tyuring “God AI” nomli portreti dunyoning ilk ultra-realistik robot rassomi bo‘lgan AI-Da tomonidan chizilgan.
Sun’iy intellekt yordamida gapirish qobiliyatiga ega AI-Da’ga ko‘ra, u qiladigan ishning asosiy qiymati – yangi texnologiyalar haqida mulohaza qilishga turtki bo‘lish. Alan Tyuringning portreti tomoshabinlarni sun’iy intellekt va hisoblash tizimlarining “ilohiy tabiati” hamda ushbu rivojlanishlarning axloqiy va ijtimoiy oqibatlari haqida mulohaza qilishga chorlaydi.
Dunyodagi eng ilg‘or robotlardan biri hisoblangan AI-Da ayol kishi ko‘rinishida yaratilgan bo‘lib, dunyoning birinchi kompyuter dasturlovchisi sifatida tan olingan Ada Lavleys sharafiga nomlangan. AI-Da g‘oyasi zamonaviy san’at mutaxassisi Aydan Meller tomonidan ishlab chiqilgan.
Robotga asar uslubi, rangi, mazmuni, ohangi va tuzilishi haqida ko‘rsatmalar berilgach, u ko‘zlaridagi kameralar yordamida Tyuringning suratiga qarab rasm chizgan.
“Asardagi jiddiy ohang va buzilgan yuz shakli Tyuring sun’iy intellektni boshqarish borasida bizning oldimizda turgan qiyinchiliklar haqida ogohlantirganini ifoda etadi”, deydi Meller.
AI-Da’ning asarlari sirli va ta’sirli bo‘lib, sun’iy intellektning qudrati qaysi yo‘nalishlarga olib borishi mumkinligi va uning salohiyatini o‘zlashtirish yo‘lidagi global poygani savol ostiga qo‘yadi. Ha, shunaqa gaplar. Robotlar sun’iy intellekt bilan integratsiya qilinsa, o‘sha biz kinolarda ko‘rgan fantastika reallikka ancha yaqinlashadi.
Yillik sarhisobni qiziqarli ma’lumot bilan yakunlaymiz: noyabr oyida Xalqaro robototexnika federatsiyasi so‘nggi yetti yil ichida butun dunyo bo‘ylab fabrikalarda robotlardan foydalanish ikki baravar ko‘payganligini ko‘rsatgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreya ishlab chiqarishda mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan.
Hisobotda aytilishicha, Janubiy Koreya sanoat robotlarining eng yirik foydalanuvchisi (10 000 xodimga 1012 robot) va 2018 yildan beri har yili bu ko‘rsatkich 5 foizga oshgan.
Ikkinchi o‘rinni Singapur egallagan. U yerda har 10 000 xodimga 770 robot to‘g‘ri keladi. Xitoy kuchli uchlikni yakunlab bergan. Bu yerda har 10 000 xodimga 470 robot to‘g‘ri keladi. Germaniya va Yaponiya har 10 000 xodimga 439 va 419 robot ko‘rsatkichi bilan reytingda mos ravishda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni egallagan. AQSHda har 10 000 xodimga 295 robot to‘g‘ri keladi, bu ro‘yxatdagi o‘ninchi raqam.
IFR rahbari Takayuki Itoning so‘zlariga ko‘ra, robotlarning zichligi global ishlab chiqarishda avtomatlashtirishni amalga oshirish darajasini ko‘rsatadi.
“Xitoyning avtomatlashtirish texnologiyasiga katta sarmoyasi 37 millionga yaqin ishchi kuchiga qaramay, bunday yuqori robot zichligiga erishdi”, degan Ito.
21 ta turli mamlakatlar o‘rin egallagan ushbu reytingda O‘zbekiston mavjud emas. Biroq u “Oxford Insights” tashkiloti tomonidan tuzilgan “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi” reytingida 53,45 ball bilan 70-o‘rinni egalladi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi eng yaxshi natija.
LiveBarchasi