2023 yilda afg‘oni dunyodagi eng muvaffaqiyatli valyuta bo‘ldi – “The Telegraph”
Olam
−
26 dekabr 2023
14391Afg‘oniston milliy valyutasi (afg‘oni) mamlakatdagi siyosiy vaziyatga qaramay, eng mustahkamlangan valyuta bo‘ldi. Bu haqda “The Telegraph” nashri ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda afg‘onining AQSH dollariga nisbatan kursi 28 foizga oshib, 2018 yildan beri eng yuqori darajaga yetgan.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha afg‘on valyutasining qiymati o‘zining eng yaqin ta’qibchisi Kolumbiya pesosidan (o‘sish 13,25 foiz) ikki baravar ko‘proqqa oshgan. Alban leki ham 2023 yil boshidan buyon dollarga nisbatan 13 foizga mustahkamlangan eng muvaffaqiyatli valyutalar uchligiga kirdi.
Nashr qisman afg‘on valyutasi kursining kuchayishini gumanitar yordamning qayta kelishi bilan bog‘lagan.
Shuningdek, "The Telegraph" tahlilchilari hokimiyat chet el valyutasidan foydalanishni taqiqlagani, bu esa afg‘on valyutasiga mahalliy talabning oshishiga olib kelganini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” 2021 yil avgustida hokimiyatga kelganidan so‘ng Afg‘oniston ichida dollar va Pokiston rupiysidagi har qanday moliyaviy operatsiyalarni taqiqlagan edi. Qoidabuzarlar turli xil jazolar, jumladan, qamoq jazosiga ham duch kelishadi.
Shuningdek, “The Telegraph” tahlilchilari dollarga nisbatan eng qadrsizlangan jahon valyutalari uchtaligini aniqlagan. Ular orasida Argentina pesosi (-54 foiz), Nigeriya nairasi (-44 foiz) va Angola kvanzasi (-39 foiz) bor.
LiveBarchasi