2022 yilda dunyoda qochqinlar va uyidan ko‘chirilganlar soni 108 milliondan oshdi

Bu qiziq

image

Urushlar, zo‘ravonliklar va inson huquqlari buzilishi tufayli dunyo bo‘ylab o‘z uylarini tashlab ketgan qochqinlar va boshqa joyga ko‘chirilganlar soni 2022 yil oxiriga kelib 108,4 millionga yetdi. 12 oy ichida bu ko‘rsatkich 19,1 millionga o‘sdi. Bu haqda bugun, 14 iyun kuni Jenevada e’lon qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi yillik hisobotida aytilgan.

Uning mualliflariga ko‘ra, 108,4 million kishi rekord darajadagi ko‘rsatkichdir. Bir yilda ularning soni 19,1 millionga ortgani esa qochqinlar va ko‘chirilganlar sonining yil davomidagi eng katta o‘sishi hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, 108,4 million kishining 35,3 millioni o‘z mamlakatlari hududini tark etgan qochqinlar, 62,5 millioni ichki ko‘chirilganlar, qolganlari esa BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi himoyasida bo‘lgan boshqa toifadagi shaxslardir.

“Ushbu o‘sish sur’atining sekinlashuvi alomatlari yo‘q, chunki Sudanda mojaro avj olgani odamlarning yangi ko‘chishiga sabab bo‘ldi”, dedi departament. 

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning may oyiga kelib dunyoda o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lganlar soni 110 millionga yetgan.

2022 yildagi eng katta ko‘chish Ukrainadagi urush bilan bog‘liq bo‘ldi: bu mamlakatdan qochqinlar soni 27,3 mingdan 5,7 millionga ko‘paydi. Aholining bunday tez chiqib ketishi Ikkinchi jahon urushidan beri dunyoning hech bir joyida kuzatilmagan. 

Shuningdek, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi "himoyaga muhtoj shaxslar" sifatida tasniflanuvchi Erondagi afg‘on hamda Kolumbiya va Perudagi venesuelalik qochqinlar sonini ham ko‘payganiga e’tibor qaratgan.

O‘tgan yili 339 mingdan ortiq qochqin o‘z vatanlariga, jumladan, Janubiy Sudan, Suriya va Kamerunga qaytgan. BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi Efiopiya, Myanma, Suriya, Mozambik va Kongo Demokratik Respublikasida va boshqalarda 5,7 million ichki ko‘chirilganlarning uyiga qaytishini ro‘yxatga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

qochqinlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made