2021 yildan O‘zbekiston qator davlatlar bilan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi
Jamiyat
−
10 dekabr 2020
13831Kecha, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Prezident bu boradagi eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmi ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.
Yig‘ilishda 2021 yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Milliy aviakompaniyada chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuziladi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli shug‘ullanadi.
LiveBarchasi