2020 yildan import qilinayotgan mahsulot yorlig‘ida davlat tilida ma’lumot bo‘lishi shart
Jamiyat
−
25 Oktabr 2019
33132020 yil 1 yanvardan import qilinayotgan har qanday mahsulot turi yorlig‘ida mahsulot haqidagi ma’lumot davlat tilida ko‘rsatilishi shart. Aks-holda bu mahsulot mavjud standart va me’yorlarga muvofiq sanalmaydi.
Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zstandart” agentligi va aholiga sifatli mahsulotlarni yetkazishga mas’ul bir qator davlat idoralari va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida “Aholi salomatligini muhofaza qilishda import mahsulotlar sifatiga e’tibor qaratish: mahalliy mahsulotlarning hamyonbopligi va aholi talablariga mosligini iste’molchilarga tushuntirish” mavzuidagi matbuot anjumanida ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 6 moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi iste’molchiga o‘zi sotayotgan mahsulotlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Biroq shunday holatlar ham mavjudki, mahsulot haqidagi ma’lumotga ega o‘zi yopishadigan stikerlar mahsulotni respublikamizga kirib kelishi bilan dilerlar tomonidan yopishtiriladi.
Bunda mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumot ishlab chiqaruvchining ma’lumotidan farq qilishi, ya’ni ishonchli bo‘lmasligi mumkin. Natijada ishlab chiqaruvchi davlat tilida taqdim etilgan ma’lumot uchun javobgar bo‘lmaydi.
Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan iste’molchilar huqularini himoya qilish, aholiga ishonchli va sifatli mahsulotlarni yetkazish va ta’minlash, import qilinayotgan tovarlarni muvofiqlashtirish sertifikatidan o‘tkazish, oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati to‘g‘riligini nazorat qilish, mamlakatga sifatsiz hamda yaroqsiz mahsulotlar olib kirilishi oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Anjuman davomida, jurnalistlarning “sekond xend” va ikkilamchi (b/u) mahsulotlarning mamlakatga olib kirish tartibi, ularning zararlari, sifatsiz tovarlar olib kirishning oldini olish chora-tadbirlari haqidagi savoliga Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A. Mustafoyev quyidagi javobni berdi: “Respublikaga belgilangan me’yor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarni kirib kelish holatlari mavjud. Faqat 2017-2018 yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslardan “O‘zstandart” agentligiga 277 dan ortiq, Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga esa 3 mingdan ortiq mahsulot sifati ustidan shikoyat murojaatlari kelib tushgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “O‘zstandart” agentligiga mahsulot sifati bo‘yicha 20 dan ortiq shikoyat murojaatlari kelib tushdi" dedi A.Mustafoyev.
Ta’kidlashicha, shu yilning 8 oyi natijalariga ko‘ra import mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida jami miqdori 2,9 milliard so‘m bo‘lgan 14 turdagi mahsulot bo‘yicha 20 holatlarda belgilangan me’yorlarga nomuvofiqligi aniqlangan.
Misol uchun, to‘qimachilik mahsulotlari (sekond-xend), u do‘kon javonlariga kelib tushishidan avval dezinfeksiya qilinadi. "Buyumlarga xavfli toksik modda – formaldegid bilan ishlov berilib, u organizmga oddiy nafas olish orqali tushishi mumkin. Biron-bir surunkali kasalliklar qo‘zg‘alishi, astma paydo bo‘lishi uchun sekond-xendda bir muncha vaqt bo‘lishning o‘zi kifoya. Bundan tashqari formaldegid saraton kasaliga olib kelishi mumkin", dedi A.Mustafoyev.
LiveBarchasi