2020 yil 1 yanvardan mehnat daftarchasi elektron bo‘ladi
Jamiyat
−
01 noyabr 2019
17267O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shu jumladan, ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonlarining shaffofligi va optimallashuvini ta’minlash, faol tadbirkorlikni rag‘batlantirish, shuningdek, investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan davlat xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot yutuqlarining imkoniyatlari to‘la ro‘yobga chiqarilmayotgan qator sohalar saqlanib qolmoqda. Xususan, ijtimoiy-mehnat sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari yetarli darajada faol qo‘llanilmayapti. Hozirga qadar tashkilotlarda kadrlar bo‘yicha ish yuritish asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda, bu esa xodimning, ayniqsa, pensiya ta’minoti huquqlarini rasmiylashtirishda mehnat staji aniq hisoblanishini murakkablashtiradi, shuningdek, aholi bandligi haqidagi ma’lumotlarning noto‘g‘ri ko‘rsatilishiga sharoit yaratadi va ma’muriy boshqaruv xarajatlarini ko‘paytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq, shuningdek, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish va ularning mehnat stajini hisoblash mexanizmini takomillashtirish, ijtimoiy-mehnat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 1 yanvardan quyidagilarni ta’minlovchi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini (keyingi o‘rinlarda – “YAMMT” IDAK) joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini, shu jumladan, mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni tugatish tartib-taomillarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirish;
ish beruvchilarning tuzilmasi (shtatlar jadvali), shu jumladan, mavjud va yaratiladigan ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, mehnatga haq to‘lash shartlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
xodimning mehnat stajini hisoblash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, hisoblangan ish haqi va jismoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlariga hisoblangan soliqlar, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi hisobiga to‘lovlar haqidagi axborotga asoslangan elektron mehnat daftarchasida jismoniy shaxslarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va yuritish;
aholi bandligini ta’minlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish darajasini va uning samaradorligini oshirish uchun mehnat bozori ko‘rsatkichlari holati va dinamikasi to‘g‘risidagi axborotlardan iborat ma’lumotlarni idoralararo tizimlashtirilgan tarzda va muntazam ravishda elektron almashishni joriy etish;
xodimlar hamda ishchilarning son va sifat tarkibi, vakansiyalar, shuningdek, ishga joylashish uchun nomzodlarga ish beruvchilar tomonidan qo‘yiladigan malakaviy va boshqa talablar to‘g‘risida avtomatik tarzda to‘planadigan xolis, shaffof va dolzarb ma’lumotlarni shakllantirish;
manfaatdor tashkilotlarga ular o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishi uchun “YAMMT” IDAKdan zaruriy ma’lumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etish;
mehnat resurslarining, xususan, mehnat resurslari toifalari, ishga layoqatli, iqtisodiy faol va nofaol aholi qatlamlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida pensiya yoshidagi ishlayotgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida har kuni yangilanadigan balansini shakllantirish;
mehnat munosabatlari va mehnat muhofazasi, ishga joylashtirish dasturlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, ish o‘rinlarining attestatsiyasi, Mehnat muhofazasi sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari yagona reyestriga tegishli ma’lumotlarning (axborotlarning) to‘liq kiritilishiniekspertizadan o‘tkazish natijalarini monitoring qilish;
xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketadigan fuqarolarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, tashkiliy tartibdagi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi kelishuvga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari hamda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe tomonidan xorijda ishga joylashtirilgan fuqarolar haqida ma’lumotlar bazasini yaratish, shuningdek, ishga joylashtirilayotgan mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va yashash-turmush ta’minoti, chet ellik ish beruvchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarining huquqiy jihatlari, qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida onlayn tartibda ma’lumotlar taqdim etish imkoniyati;
mehnat bozorining, hududlar, jins va yosh omillari, sohalar va mutaxassisliklar kesimida ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifning rivojlanish tendensiyalari prognozini shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan axborot resurslari bilan integratsiyalash;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga mehnat va aholi bandligi sohalarida davlat boshqaruvi bo‘yicha yuklatilgan funksiyalarni to‘la hajmda va tezkorlik bilan amalga oshirish.
2. “YAMMT” IDAK uchun real vaqt rejimida ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyati taqdim etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining hamda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali idoralararo elektron aloqa vositasida amalga oshiriladigan almashuv ma’lumotlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini “YAMMT” IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020 yil 1 sentyabrdan kechiktirmasdan “YAMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Mehnat shartnomalarini “YAMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma’lumotlar asosida “YAMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etiladi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “YAMMT” IDAKning balansda saqlovchisi hisoblanadi;
g) “YAMMT” IDAKdan foydalanish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepul hisoblanadi. “YAMMT” IDAKni ishlab chiqish, kuzatib borish, ta’minlash va takomillashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi) hisobidan amalga oshiriladi.
4. Xodimning mehnat staji, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq pensiya tayinlashda xodim tomonidan amalga oshiriladigan mehnat faoliyati davriga asosan:
2020 yil 1 yanvardan so‘ng – “YAMMT” IDAKda mavjud ma’lumotlar asosida (qonun hujjatlarida belgilangan alohida hollardan tashqari);
2020 yil 1 yanvarga qadar – “YAMMT” IDAK joriy qilingungacha o‘rnatilgan tartibda belgilansin.
5. “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini (“YAMMT” IDAK) joriy qilish va undan foydalanish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo ishchi guruhi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Quyidagilar Idoralararo ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
“YAMMT” IDAKni ishlab chiqish, joriy qilish, foydalanish va rivojlantirish bo‘yicha vazirlik va idoralar faoliyatini hamda uning “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalashuvini muvofiqlashtirish;
“YAMMT” IDAKni rivojlantirish va takomillashtirish, mehnat munosabatlari sub’ektlarining axborot ehtiyojlarini qondirish maqsadida “YAMMT” IDAK orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga yanada kengroq o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni, shu jumladan, “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida “YAMMT” IDAKni boshqarish direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) tashkil etilsin.
8. Direksiya zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatilsin:
ish beruvchilar tomonidan mehnat shartnomalarining o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini monitoring qilish, mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ish beruvchilar va xodimlarga texnik yordam ko‘rsatish, shu jumladan, tegishli ma’lumotlarni kiritish va olish uchun zarur apparat vositalarini taqdim etish;
“YAMMT” IDAKni qo‘llash, elektron mehnat daftarchasini shakllantirish va joriy qilish, xodimning mehnat staji to‘g‘ri hisoblanishini ta’minlash jarayonida yuzaga keladigan barcha masalalar bo‘yicha ish beruvchilarga texnik va axborot ko‘magini taqdim qilish, shuningdek, “YAMMT” IDAK foydalanuvchisi hisoblangan fuqarolarga axborot ko‘magini ko‘rsatish;
“Elektron hukumat” tizimiga kiruvchi axborot tizimlari bilan “YAMMT” IDAK ma’lumotlarini almashish masalalari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni tashkillashtirish;
“YAMMT” IDAKdan samarali va ishonchli foydalanish, ish beruvchilar va xodimlar shaxsiy ma’lumotlarining axborot xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash;
joriy etilayotgan mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va elektron mehnat daftarchalarini yuritish tartibini tushuntirib beruvchi, “YAMMT” IDAKni rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollari haqida materiallar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida chop etish, teleradiokanallarda maxsus teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil qilish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
har yili Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasining xarajatlar smetasida “YAMMT” IDAKni ta’minlash, rivojlantirish, takomillashtirish, samarali ishlab turishi va axborot xavfsizligini ta’minlash uchun mablag‘larni nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda “YAMMT” IDAKning ishlab chiqilayotgan Davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi bilan integratsiyalashtirishni nazarda tutsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda “YAMMT” IDAKni soliq xizmati organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirish orqali xodimlarning mehnat faoliyati to‘g‘risida “YAMMT” IDAKda aks etuvchi ma’lumotlarning hisoblangan ish haqini shaxsiy hisobga olish markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlari bilan to‘g‘ri kelishini talabnoma asosida tekshirishni (verifikatsiyalashni) doimiy asosda ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi va respublikadagi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar, ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlar, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasasidan olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqida guvohnomalar berilgan jismoniy shaxslarning elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirsin va uni “YAMMT” IDAK bilan integratsiyalashtirishni ta’minlasin.
11. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi tayyorlangan, taqsimlangan, buzilgan va berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar, ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlar, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasasidan olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqida guvohnomalar blanklari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga muntazam ravishda kiritib boradi, diplom olgan jismoniy shaxsga berilgan blank uning shaxsiy identifikatsiya raqamiga biriktirib qo‘yiladi.
12. Belgilab qo‘yilsinki, mehnat shartnomalarini, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirishlarni, ularning tugatilishini “YAMMT” IDAKda o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, elektron mehnat daftarchasini shakllantirish uchun mas’uliyat ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining jismoniy shaxslarga ixtiyoriy ravishda o‘tgan davrdagi ishga joylashganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mustaqil tarzda “YAMMT” IDAKga kiritish huquqini berish, bunda jismoniy shaxslar ixtiyoriy ravishda kiritgan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi organlari tomonidan majburiy verifikatsiyalanishini (tasdiqlanishini) nazarda tutish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
14. Ish beruvchilar va jismoniy shaxslarni to‘liq qamrab olgan holda “YAMMT” IDAKni joriy etishni samarali muvofiqlashtirish maqsadida:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati Mehnat standartlari va mehnatga haq to‘lash boshqarmasi boshqaruv xodimlarining shtatlari soni 16 nafarga oshirilsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalarida boshqaruv xodimlarining umumiy soni 84 nafardan iborat bo‘lgan mehnat standartlari va mehnatga haq to‘lash bo‘limlari tashkil etilsin.
Belgilansinki, yuqorida ko‘rsatilgan umumiy soni 100 nafardan iborat boshqaruv xodimlari shtatlari tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlaridagi kasbiy qayta o‘qitishni tashkil etish sho‘’basi mutaxassislari lavozimini 0,5 stavkaga qisqartirish hisobiga kiritiladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining ishlab chiqilayotgan yangi tahriri loyihasida mazkur qarorda keltirilgan me’yorlarni nazarda tutsin;
bir oy muddatda Direksiyaning ta’sis hujjatlari va tuzilmasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
uch oy muddatda Direksiyani, shu jumladan, yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va chet eldagi yetakchi ta’lim muassasalarini tamomlagan respublikamiz fuqarolari orasidan bilim va ko‘nikmaga ega professional mutaxassislar bilan to‘ldirishni ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda, Direksiya tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish va xodimlarning cheklangan umumiy sonini belgilash, shu jumladan, zarur hollarda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;
mehnat bozoridagi haqiqiy holatni hisobga olgan holda Mehnat organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamg‘armasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga shartnoma asosida tor doiradagi mutaxassislarni Direksiyada ishlash uchun jalb etish.
17. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda mazkur qaror talablarini hisobga olgan holda “YAMMT” IDAKni joriy qilish va uning keyinchalik samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini;
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni;
ikki oy muddatda “YAMMT” IDAK tizimida mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik va elektron mehnat daftarchasiga ma’lumotlar kiritmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “YAMMT” IDAKdan foydalangan holda mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va mehnat stajining hisobini elektron shaklda yuritish tartibi va joriy qilinayotgan mexanizmlarning afzalliklarini aholi va ish beruvchilar o‘rtasida muntazam ravishda va har tomonlama yoritishni ta’minlasin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sh.D.Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 31 oktyabr
LiveBarchasi