2019 yilda o‘zbekistonliklar qancha pulni naqdlashtirgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

2019 yilda bank kassalari orqali o‘rtacha oylik naqd pul aylanmasi 23,9 trln so‘mni va yil bo‘yicha jami 287,1 trln so‘mni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 3,4 barobarga va 2018 yilga nisbatan 1,7 barobarga ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Bunda muomalaga chiqarilgan pullarning qaytuvchanlik koeffitsiyenti 2017 yilda – 86,6 foizni, 2018 yilda – 96,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 98,7 foizgacha ko‘tarildi.

Xususan, 2019 yilda banklar orqali olingan naqd pullar hajmi 68,4 foizga ko‘paygan bo‘lsa, kelib tushgan naqd pul mablag‘lari hajmi 71,6 foizga oshdi.

Natijada muomaladagi naqd pullar miqdorining o‘sishi 2019 yilda 9,4 foizni tashkil etib, 2018 yil (14 foiz) va 2017 yillarga (47,2 foiz)ga nisbatan sekinlashdi.

2017 yilda oylik bank tushumlarining muomaladagi naqd pullarga nisbati 18,6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilda 31,7 foizga va 2019 yilda 46,6 foizga (jumladan, dekabr oyida 60,4 foizga) yetdi.

Mazkur tendensiya naqdsiz hisob-kitoblarning yangi instrumentlari va mexanizmlarining joriy etib borilishi, valyuta bozorining tobora erkinlashuvi va bankomatlar tarmog‘ining kengayishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar orqali izohlanadi.

Aholi va xo‘jalik sub’ektlari tomonidan banklardan naqd pullarni olish jarayonlarining erkinlashtirib borilishi ushbu mablag‘larni chiqim qilish maqsadlari tarkibidagi o‘zgarishlarda ham o‘z aksini topdi.

2017 yilda naqd pulga talab asosan pensiya, nafaqa (33,1 foiz) va ish haqi (33 foiz) to‘lovlari hisobiga shakllangan bo‘lsa, 2019 yilga kelib naqd mablag‘lar asosan bank kartalaridan naqdlashtirish va jismoniy shaxslardan chet el valyutasini sotib olish operatsiyalari salmoqli ulushlarga ega bo‘ldi.

Jumladan, xorijiy valyutani sotib olish uchun naqd pul chiqimlari ulushi 2019 yilda 2017 yilga nisbatan 7,9 foizli bandga oshib, 22,8 foizga, bank kartalaridan yechilgan naqd pullar ulushi esa 18,5 foizli bandga oshib, 25,3 foizga yetdi.

Bank kartalaridan naqd pullar yechish

2019 yilda bank kartalariga kelib tushgan 112,7 trln so‘mlik mablag‘larning naqdlashtirilgan qismi 36,6 trln so‘m yoki 32,4 foizni tashkil etib, 2017 (6,1 foiz) va 2018 yilga (17,4 foiz) nisbatan sezilarli darajada oshdi.

2019 yilda bank kartalaridan yechib olinayotgan naqd pullarning asosiy qismi, 68,6 foizi (2017 yilda – 3,1 foizi, 2018 yilda – 40,0 foizi) bankomatlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Bank kartalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar

2019 yilda bank kartalari orqali hisob-kitoblar hajmining o‘sish sur’ati 11,7 foizni tashkil etib, naqd puldagi to‘lovlar hajmining o‘sish sur’atlariga (71,6 foiz) nisbatan past bo‘ldi.

Natijada aholi tomonidan tovar va xizmatlar xaridi uchun amalga oshirilgan to‘lovlar tarkibida bank kartalari orqali hisob-kitoblar ulushi 2019 yilda oldingi yilga (53,1 foiz) nisbatan kamayib, 43,2 foizni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank naqd pul bankomat

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing