2018 yilda tijorat banklarining umumiy kapitali qanchaga oshdi?

Jamiyat

image

Bugun, 1 may kuni Parlament yuqori palatasi qo‘mitalarida yalpi majlisga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama etilmoqda.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi hamda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlislari bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitalar a’zolari, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari hamda mas’ul xodimlari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil I choragidagi ijrosiga doir hisobotini dastlabki tarzda muhokama qildi.

Qayd etilganidek, bu masala Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, parlament yuqori palatasining bo‘lajak yalpi majlisiga kiritilgan. Murojaatnomada Bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotini har chorakda eshitib borish nazarda tutilgan.

Eshituv Davlat dasturi ijrosi ustidan tizimli monitoring doirasida o‘tkazildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti dastlabki tarzda muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida bank tizimini rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Natijada tijorat banklarining umumiy kapitali 6 trillion so‘mga yoki 29 foizga oshib, 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 26,7 trillion so‘mni tashkil etgan. Ustav kapitali esa 21 foizga oshib, 19,7 trillion so‘mni tashkil etgan.

Majlisda xususiy va xorijiy kapital ishtirokini kengaytirish, tijorat banklari, nobank kredit tashkilotlarining to‘laligicha bozor tamoyillariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash, prudensial nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasidagi ishlarni davom ettirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

To‘lov tizimini ilg‘or moliyaviy texnologiyalar asosida yanada kengaytirish, banklararo to‘lov tizimining barcha mijozlar uchun kechayu kunduz ishlashini ta’minlash e’tibor markazida bo‘ldi.

Hisob palatasi faoliyatiga oid hisobotda Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlarning to‘liqligini, ularning maqsadli shakllanishini va samarali ijro etilishini ta’minlash borasida tizimli ishlar davom ettirilayotgani qayd etildi.

Bunda davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, Davlat byudjetini shakllantirish va daromadlarini ko‘paytirish resurslarini aniqlash hamda ulardan foydalanishga, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirishga, shuningdek investitsiya loyihalarining amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining to‘liq va samarali ijro etilishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha qo‘mitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Parlament

Baholaganlar

3

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing