200 million yevroga tushgan gol yoxud Neymarning Saudiyadagi sarguzashti
Sport
−
30 yanvar 10374 3 daqiqa
Portugaliyalik megayulduz Krishtianu Ronaldu 2023 yilda Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubiga ko‘chib o‘tadi. Mana shu transferdan keyin Saudiya shayxlari chempionat darajasini ko‘tarish uchun katta maosh evaziga bir qancha futbol yulduzlarini sotib olishni boshladi. Ronaldudan keyin N’golo Kante, Karim Benzema, Roberto Firmino kabi yulduzlar Saudiya chempionati vakillari futbolchisiga aylandi. 2023 yilda mamlakatning eng sovrindor klublaridan biri “Al-Hilol” yiliga 100 million yevro maosh va bir qancha komfort sharoitlar bilan PSJ futbolchisi Neymarga shartnoma taklif qildi va braziliyalik vinger rozi bo‘ldi hamda Saudiyaga ko‘chib o‘tadi.
Neymarga Saudiyada va’da qilingan sharoitlar

Braziliyalik vinger 2023 yilda PSJ tarkibida og‘ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi. Ammo shunga qaramay, “Al-Hilol” rahbariyati futbolchini sotib olishdan qaytmaydi. Jamoa uning jarohatidan forig‘ bo‘lishini kutishga tayyor edi. Shu tariqa, Neymar “Al-Hilol” futbolchisi sifatida tanishtirildi. Endi ikki tomon o‘rtasidagi tuzilgan shartnomaning ayrim detallariga to‘xtalib o‘tsak.
- Yiliga 100 million yevro;
- Har bir g‘alaba uchun 80 ming yevro;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Saudiya Arabistoni reklama qilingan har bir post uchun 500 ming yevro;
- Xususiy samolyot;
- Shaxsiy xizmatkorlarga ega katta uy.
“Al-Hilol”ni xonavayron qilgan Neymar

Mana shunday yuksak darajadagi qulay sharoitlarni ta’minlab bergan Saudiya shayxlari evaziga Neymardan nima foyda ko‘rdi? Avvalo, futbolchi uzoq muddatli jarohatini oxirigacha tuzatmay, yangi jamoasidagi ilk o‘yinda maydonga tushadi. Klub tarkibida u umumiy 7 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 3 ta assist amalga oshirdi. Keyin Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) Elit ligasi doirasida Eronning “Istiqlol” klubiga qarshi bahsda u yana jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. 2025 yilgi mavsum boshidan klub rahbariyati qilgan shuncha xarajatlariga va PSJga to‘lagan 90 millioniga yarasha foyda ko‘ra olmagan Neymardan qutulish yo‘llarini izlay boshladi. Qishki transferlar oynasida jamoa uni sotuvga qo‘ydi. Yanvar oyida esa Neymarga Braziliyadan xaridor chiqdi. Futbolchining ilk professional klubi “Santos” yana uni uyiga qaytarmoqchi. Ayni damga kelib, Neymar “Al-Hilol” bilan tuzgan shartnomasidan va ko‘p miqdordagi maoshidan voz kechib, Braziliyaga qaytishga yaqin turibdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ham o‘z X sahifasida ma’lum qildi. Tez orada “Santos” Neymarni o‘z futbolchisi sifatida tanishtiradi.
2013 yilda “Santos”dan “Barselona”ga o‘tib, ushbu klub bilan 2015 yilda trebl qayd etgan, “ko‘k-anorranglilar” tarkibidagi o‘ziga xos fintlari, tezkor reydlari bilan tanilgan, Messi va Suares bilan MNS triosini dunyoga tanitgan Neymar 2017 yilning 3 avgustida PSJga ko‘chib o‘tgandi. Parijdagi faoliyati ham nisbatan yaxshi kechdi. Chempionlar ligasi finaliga chiqdi, Fransiyada bir nechta shaxsiy va jamoaviy sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, u umumiy transfer narxi bo‘yicha eng ko‘p pul sarflangan futbolchiga aylandi. Neymarning umumiy transfer narxi 400 million yevroga yetdi. Endi 32 yoshli futbolchi o‘z vataniga qaytadi va o‘sha yerda faoliyatini davom ettiradi. Jarohatlar sabab, qirol darajasiga chiqa olmagan “Tojsiz Qirol”, “daydi o‘g‘ilning qaytishi” kabi dunyo bo‘ylab sarguzashtlarini yakunlab Braziliyaga qaytmoqda.
Live
Barchasi