200 ga yaqin kaltakesakni paypoqlar orasiga yashirgan erkak ushlandi
Olam
−
16:03 1745 2 daqiqa
Joriy yilning 8 avgust kuni Tokiodagi Xaneda aeroportida Meksikadan Janubiy Koreya orqali kelgan 23 yoshli erkakning yukidan 200 ga yaqin kaltakesak topildi. U sudralib yuruvchilarni bojxonaga deklaratsiya qilmasdan Yaponiyaga olib kirishga uringan. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Daniel Isaak Velasko Baltasar ismli erkakning chamadonidan kaltakesaklar 22 juft paypoq ichiga solingan va futbolkalarga o‘rab qo‘yilgan holda aniqlangan. Hayvonlardan biri chamadon ochilganida o‘lik bo‘lgan. Erkak ularni ruxsatsiz olib kirganini tan olgan.
Kaltakesaklarning kamida 9 tasi faqat Meksikaning tog‘li o‘rmonlarida uchraydigan va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan Meksika alligator kaltakesaklari ekani aniqlangan. Ular xalqaro savdosi hukumat ruxsatini talab qiladigan hayvonlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor kaltakesaklarni Meksikada har birini taxminan 560-750 iyenga sotib olgan. Yaponiyada esa ushbu hayvonlarning narxi 100 ming iyengacha yetishi mumkin. Shu sababli politsiya ularni sotish maqsadida olib kirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Politsiyaga iyul oyi oxirida meksikalik fuqaro kaltakesaklarni mamlakatga yashirincha olib kirib, sudralib yuruvchilar ko‘rgazmasida sotmoqchi ekani haqida anonim xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng, Xaneda bojxona xodimlari ogohlantirilgan va erkak aeroportga kelganida uning yuklari tekshirilgan.
Ayni paytda rasmiylar chamadondan topilgan boshqa kaltakesaklarning turlarini ham aniqlamoqda. Yaponiyada ekzotik sudralib yuruvchilar bozori yirik bo‘lib, avval ham aeroportlarda yuklar orasiga yashirilgan toshbaqa, ilon va boshqa hayvonlar aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida bolalardan foydalangan holda tilla quymalari va yirik miqdordagi naqd valyutani mamlakatdan noqonuniy olib chiqishga urinishlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi