20 yillik muzokaralardan so‘ng YeI va Hindiston tarixiy bitimni yakunladi (video)
Olam
−
27 yanvar 3214 2 daqiqa
20 yillik muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi (YeI) va Hindiston tarixiy savdo bitimini yakunladi. Ushbu bitim Hindistonga dunyodagi eng yirik va himoyalangan bozor hisoblangan, 27 davlatdan iborat YeI bilan erkin savdo qilish imkonini beradi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ma’lum qildi.
Modining so‘zlariga ko‘ra, kelishuv dunyo bo‘ylab “barcha bitimlarning onasi” sifatida baholanmoqda. Ushbu bitim Hindistonning 1,4 milliard aholisi hamda Yevropadagi millionlab insonlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, Modi mazkur kelishuv global yalpi ichki mahsulotning qariyb 25 foizini va jahon savdosining uchdan bir qismini qamrab olishini ta’kidlagan. Bitim tafsilotlari Narendra Modi va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen tomonidan Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan Hindiston–Yevropa Ittifoqi sammitida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo hajmi 2025 yil mart oyigacha bo‘lgan moliyaviy yilda 136,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Ushbu kelishuv Yevropa Ittifoqining o‘tgan yili Indoneziya, Meksika va Shveysariya bilan tuzgan bitimlaridan, shuningdek, Janubiy Amerikaning MERCOSUR bloki bilan erishilgan muhim kelishuvdan keyin imzolandi. Shu davrda Hindiston ham Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya va Ummon bilan savdo shartnomalarini yakunlagan.
AQSH Prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasi bo‘yicha bayonotlari va Yevropa davlatlariga tariflar joriy etish tahdidlari G‘arb davlatlari o‘rtasidagi an’anaviy ittifoqlarga bosim o‘tkazayotgan bir paytda, ushbu kelishuvlar Qo‘shma Shtatlarga iqtisodiy jihatdan kamroq bog‘lanishga qaratilgan global harakatlarni aks ettiradi. Tramp Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga 50 foizlik tarif joriy etgan, oqibatda Hindiston-AQSH savdo bitimi o‘tgan yili muzokaralar uzilishi sababli amalga oshmay qolgan.
Hindiston hukumati rasmiylarining bildirishicha, Hindiston-Yevropa Ittifoqi savdo bitimining rasmiy imzolanishi huquqiy tekshiruvlar yakunlangach, taxminan besh-olti oy ichida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Tramp Hindiston bilan savdo bitimidan voz kechgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi