20 yoshli o‘zbekistonlik bokschi Olimpiada chempionini yutib, musobaqadan chetlashtirib yubordi
Sport
−
31 iyul
37153Kecha, 30 iyul kungi Olimpiada musobaqasida boks bo‘yicha O‘zbekistonning eng yosh sportchisi To‘rabek Habibullayev Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindorini mag‘lub etib, uni musobaqadan chiqarib yubordi.
Jangdan so‘ng filippinlik bokschi Eumir Marcial o‘zbekistonlik To‘rabek Habibullayevga yutqazib qo‘yganidan “hayron bo‘lganini va buni izohlashga so‘z topolmasligini” aytdi.
Sportchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston charm qo‘lqop ustasi Habibullayevga mag‘lub bo‘lish uning uchun katta yo‘qotish bo‘lgan.
“Mening jangovar ruhim hech qachon Filippin uchun so‘nmagan. Men jangdan hayron bo‘ldim va nima deyishni ham bilmayman. Bu og‘ir yo‘qotish, menga ishongan va meni qo‘llab-quvvatlagan barcha filippinliklarga bu mag‘lubiyatni qanday tushuntirishga hayronman. Bu qiyin maydon va unda hech kim yo‘qotishga tayyorlanmaydi. Lekin aytganimdek, afsusda emasman. Xalq biladiki, Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritish nafaqat o‘zim, oilam, balki, ayniqsa, Filippin uchun hamisha orzum bo‘lgan”, deya yozgan u Instagram’dagi sahifasida.
Shuningdek, Eumir Marcial o‘zining mag‘lubiyatini o‘yindan ikki hafta oldin olgan jarohati bilan imzolagan.
“Ko‘pchilik bilmaydi, lekin sahna ortida men ushbu o‘yindan ikki hafta oldin jarohat oldim, bu harakat qilishimga va odatdagi mashg‘ulotlarimni bajarishimga to‘sqinlik qildi, bu mening ruhiy kuchim va umumiy ishlashimga ham ta’sir qildi. Lekin hali ham afsuslanmayman, men Xudoning bu yo‘qotishdan kattaroq maqsadi borligini bilaman. Men buni hozir tushunmasligim mumkin, lekin Xudo meni boshqa har qanday jarohatlardan himoya qilganiga ishonishim kerak”, degan Marsial.
Bundan tashqari, Marsial har kuni mashg‘ulotlarga oltin medalni qo‘lga kiritish niyatida borgani, mashaqqatli mehnat qilgani va bu orzusi uchun ko‘p narsalarni qurbon qilib, professional karerasini to‘xtatib qo‘yganini qo‘shimcha qilgan.
“Men o‘sha ringda borimni berdim va natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, menga ishongan va meni qo‘llab-quvvatlagan barcha filippinliklarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Olimpiadada yurtimiz sharafini yana bir bor himoya qila olganimdan juda faxrlanaman. Barcha ibodatlaringiz va dalda beruvchi so‘zlaringiz uchun rahmat. Bu mening sayohatimning oxiri emas”, deya postga yakun yasagan u.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni Olimpiada o‘yinlarining boks bahslarida o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov norvegiyalik Omar Shihaga qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alaba qozongandi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi