2 nafar markaziy osiyolik AQSHda milliardlab dollarlik firibgarlikda ayblanmoqda
Olam
−
04 fevral 20392 3 daqiqa
Chikagodagi federal prokurorlar Qozog‘istonning ikki nafar fuqarosiga Medicare dasturi va tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq yirik firibgarlik sxemalarini tashkil etganlik ayblovini qo‘ydi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularning harakatlari oqibatida davlat dasturlari va xususiy sug‘urta kompaniyalari 1 milliard dollardan ortiq zarar ko‘rgan. Bu haqda CWBCHicago xabar berdi.
Ayblanuvchilardan biri Anvar Abdrahmonov. U Kentukki shtatida qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan Priority One Medical Equipment kompaniyasi ustidan nazoratni egallab olib, undan Medicare dasturi doirasida soxta hisob-kitoblar taqdim etish uchun foydalanganlikda ayblanmoqda. Ayblovga ko‘ra, 2024 yil martidan avgustigacha kompaniya uzluksiz glyukoza monitoringi qurilmalari va kateterlar uchun qariyb 666 million dollarlik hisob-fakturalarni yuborgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Anvar Abdrahmonov AQSHga 2023 yil may oyida yozgi ish vizasi bilan kirgan, ushbu viza muddati o‘sha yil sentyabrida tugagan bo‘lsa-da, u mamlakatda qolishda davom etgan. 2024 yil aprel oyida kompaniyaning avvalgi egasi uni sotgach, Abdrahmonov Priority One kompaniyasining a’zosi va menedjeri bo‘lgan.
2024 yil mayidan avgustigacha Medicare Priority One kompaniyasi bo‘yicha qariyb 250 ta shikoyat olgan. Nafaqa oluvchilarning ko‘pchiligi kompaniyadan hech qanday mahsulot yoki xizmat xarid qilmaganini bildirgan. Illinoys shtatidagi Medicare nafaqaxo‘rlaridan olti nafari tergovchilarga diabetga oid jihozlarni buyurtma qilmaganini va olmaganini aytgan, ayrimlari esa umuman diabet bilan og‘rimaganini ma’lum qilgan.
2024 yil iyul oyida Kentukkidagi Priority One ofisini kuzatgan tergovchilar bino yopiq va bo‘sh ko‘ringanini qayd etgan. Yollangan xodimlar ularning vazifasi faqat pochta xatlarini olib, ularni shifrlangan Telegram ilovasi orqali shaxsan hech qachon ko‘rmagan rahbarga yuborishdan iborat bo‘lganini aytgan. Sud hujjatlarida FedEx orqali yuborilgan cheklar Chikago atrofi manzillariga yo‘naltirilgani ko‘rsatilgan. Xodimlardan biri kompaniyaga berilgan 1 million dollarlik chekni yo‘qotib qo‘yganini, keyinchalik u topilgach, 2 ming dollar miqdorida mukofot olganini bildirgan.
Medicare 2024 yil iyul oyida Priority One kompaniyasiga to‘lovlarni mablag‘lar taqsimlana boshlanishidan oldin to‘xtatgan. Shu bilan birga, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Medigap sug‘urta kompaniyalari da’volar bo‘yicha kamida 450 ming dollar to‘lab bergan. Moliyaviy hujjatlar Anvar Abdrahmonov taxminan 182 ming dollarni Gonkongdagi hisob-raqamlarga o‘tkazganini va yana 200 ming dollardan ortiq mablag‘ni chet elga yuborishga uringanini ko‘rsatadi. 2024 yil avgustida u Priority One hisobiga Medigap sug‘urta kompaniyalaridan olingan qariyb 22,5 ming dollarlik 30 ta chekni ham kiritgan.
Ish bo‘yicha ikkinchi gumondor Chikago hududida yashovchi Toir Smagul. U Medicare dasturi bilan bog‘liq firibgarlikdan olingan mablag‘larni yuvish maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda. Tergov uni Konnektikut shtatidagi Medical Home Care Inc. kompaniyasi bilan bog‘laydi.
Prokuratura versiyasiga ko‘ra, 2023 yil dekabridan 2024 yil sentabriga qadar Toir Smagul kompaniyani nazorat qilgan va tibbiy jihatdan zarur bo‘lmagan, ko‘pincha esa umuman yetkazib berilmagan kateterlar hamda boshqa tibbiy uskunalar uchun Medicare va Medigap dasturlariga butun mamlakat bo‘ylab hisob-fakturalar taqdim etish sxemasida ishtirok etgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Medical Home Care 2023 yil mayidan 2024 yil iyunigacha bo‘lgan davrda qariyb 470 mingta da’vo arizasini taqdim etib, ularning umumiy summasi taxminan 953 million dollarni tashkil etgan. Shu vaqt oralig‘ida Medicare sug‘urtalangan shaxslardan 27 mingdan ortiq shikoyat olgan.
Tergovchilar Medicare dasturidan nafaqa oluvchi 19 nafar shaxsni, jumladan, Illinoys shtatidagi besh kishini so‘roq qilgan. Ularning barchasi kateterlar olmaganini aytgan. Uskunalarni buyurgan deb ko‘rsatilgan uch nafar tibbiyot xodimi esa bunday buyurtmalarni bermaganini va ko‘rsatilgan shaxslar ularning bemorlari emasligini bildirgan.
Moliyaviy hujjatlarga ko‘ra, Medigap sug‘urta tashkilotlari 2024 yil yanvar–fevral oylarida Medical Home Care tomonidan taqdim etilgan soxta da’volar bo‘yicha kamida 854 ming dollar to‘lagan.
Tergovga ko‘ra, Toir Smagul Illinoys shtatida bankomatlar orqali bir necha bor naqd pul yechib olgan, shundan so‘ng kompaniyaning bank hisoblarini yopib, firibgarlik yo‘li bilan olingan mablag‘larni chek orqali o‘z shaxsiy hisobiga o‘tkazgan.
Live
Barchasi