2,5 trln so‘mlik kripto-aktivlarni aylantirgan shaxs ushlandi (video)

3-sahifa

−

image

Farg‘ona viloyatida bir nechta kriptobirja orqali 2,5 trillion so‘mga teng kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 6 iyul kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida bir nechta kriptobirja orqali jami 2,5 trillion so‘mga teng kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, u avvalroq Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddalari (pora berish) bilan sudlangan. To‘plangan dalillar asosida uning faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Gumonlanuvchi o‘z izohida 2023 yildan buyon treyding bilan shug‘ullanganini, brokerlik hisobini to‘ldirishda kripto-hamyonlar va kripto-valyutalardan foydalanganini aytgan. U qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 19 yoshli yigit firibgarlik va kiberjinoyatda gumonlanib ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing