18 yoshli futbolchi ukasi tomonidan otib qo‘yildi
Sport
−
13 noyabr 2025 2512 2 daqiqa
Braziliyaning “Araguaina” klubining 18 yoshli futbolchisi Vanderson Barros de Souza ukasining tasodifiy o‘q otishi oqibatida o‘z uyida fojiali tarzda vafot etdi. Bu haqda “Poder Goias” nashri xabar berdi.
Mahalliy politsiya xabariga ko‘ra, voqea joriy yilning 9 noyabr kuni Aragoyaniya shahrida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Vandersonning 16 yoshli ukasi ov miltig‘ini tozalayotganda ehtiyotsizlik bilan tepkini bosib yuborgan. Natijada o‘q Vandersonning bo‘yniga tekkan va u og‘ir jarohat sabab voqea joyida vafot etgan.
Politsiya hodisani “tasodifiy o‘q otish” sifatida tergov qilmoqda. Qurolning qayerdan olingani va ruxsatnomasi bor-yo‘qligi aniqlanmoqda. Shuningdek, futbolchining ukasi yaqin kunlarda rasmiy so‘roqqa chaqirilishi kutilmoqda.
“Araguaina” ijtimoiy tarmoqlarda futbolchining o‘limi munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi:
“Jamoamiz a’zosi Vanderson vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz”, deyiladi klub bayonotida.
Klub sport direktori Silvaniu Rodriges Kastroning so‘zlariga ko‘ra, Vandersonning oilasi bilan suhbatda ularning og‘ir ruhiy holatda ekani ma’lum bo‘lgan. Ukasining esa “shok” holatda ekani qayd etilgan.
Shahar meriyasi sportchiga hurmat sifatida joriy yilning 10 noyabr kuni barcha sport tadbirlarini, jumladan, futbol maktabi mashg‘ulotlarini to‘xtatilganini e’lon qildi. Fuqarolik politsiyasi hodisani “qasddan bo‘lmagan o‘ldirish” sifatida tergov jarayonini davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, Vanderson “Araguaina”ning 20 yoshgacha bo‘lganlar jamoasida chap qanot himoyachisi sifatida to‘p surgan va Vale-du-Rio-dos-Boys kabi mahalliy musobaqalarda ishtirok etgan.