18-hujum: Ukraina yana Wildberries omborlaridan birini bombaladi (video)
Olam
−
03 avgust 3465 1 daqiqa
Ukraina dronlari bugun, 3 avgust tongida Rossiyaning Vladimir viloyatida joylashgan Wildberries marketpleysining logistika markaziga yana zarba berdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, hujum oqibatida logistika markazi binosida yong‘in chiqqan. Kompaniya xabariga ko‘ra, barcha xodimlar evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida hech kim jabrlanmagan.
Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning aytishicha, dronlar Sobinsk tumanidagi omborga hujum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida vayronalar va yong‘in yuzaga kelgan, bir kishi jarohat olgan.
Ukraina monitoring Telegram-kanallari guvohlar videolariga tayanib, gap Vladimir viloyati Xryastovo qishlog‘i yaqinida joylashgan “Vladimir – Vorshinskoye” logistika markazi haqida ketayotganini bildirgan.
Iyul oyi o‘rtalaridan buyon Ukraina dronlari Rossiyadagi eng yirik marketpleys Wildberries'ning omborlari va logistika markazlariga deyarli har kuni zarba bermoqda. Vladimir viloyatidagi ob’ekt kompaniyaning hujumga uchragan 18-logistika markaziga aylandi.
Ukraina tomoni bu kabi hujumlarni mazkur ombor va logistika markazlari dronlar hamda navigatsiya uskunalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan sanksiya ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilayotgani bilan izohlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Wildberries asoschisi va bosh direktori Tatyana Kim Ukraina dronlarining kompaniya logistika ob’ektlariga qilgan hujumlari oqibatida O‘zbekiston va boshqa bir qator mamlakatlar tadbirkorlari milliardlab zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi