17 yil deganda AQSH kuchlari Iroqni tark etyapti
Olam
−
06 yanvar 2021
5812AQSH harbiy kontingentining qolgan qismi yaqin kunlarda Iroqdan olib chiqiladi. Bu haqda Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimining Armiya kuni munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatiga tayanib “Anadolu” agentligi xabar bermoqda.
“AQSH bilan strategik muloqot doirasida o‘tgan oylarda amerikalik askarlarning bir qismi Iroqni tark etgandi. Yarmi yaqin kunlarda olib chiqiladi”, deydi Kozimi.
Bosh vazirning aytishicha, Iroqda qoladigan amerikalik harbiylarning soni yuz nafardan oshmaydi. Ular ta’lim va qurollanish masalasida Iroqqa yordam beradi. Ikki davlat o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan AQSH harbiy kontingenti butkul Iroq tashqarisiga olib chiqiladi.
O‘tgan yilning 17 noyabrida Pentagonning muvaqqat rahbari Kristofer Miller Iroqdagi 2500 nafar amerikalik harbiy xizmatchi 2021 yilning 15 yanvarigacha u yerni tark etishini aytgan edi.
AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Iroq Bosh vaziri bilan o‘tgan uchrashuvda Amerika harbiy kontingentini mamlakatdan olib chiqib ketishni tezlashtirishga va’da bergandi.
Ma’lumot o‘rnida, bu ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat 2003 yilda Saddam Husayn hukumatini ag‘darish uchun AQSH kuchlari va ularning ittifoqchilari Iroqqa bostirib kirishi bilan boshlangan edi.
Keyinchalik, AQSH qurolli kuchlari 2011 yilda rasman Iroqni tark etdi. Biroq, Suriyada fuqarolar urushi boshlanib,tan olinmagan Iroq va Shom Islom Davlati (ISHID terroristik guruhi) hududi kengayganidan so‘ng, Obama ma’muriyati 2014 yilda AQSH qo‘shinlarini Iroqqa qaytarishga qaror qilgandi.
LiveBarchasi