“150 yildan beri bunday holat kuzatilmagan”. Chang-g‘uborli havo qachongacha davom etishi aytildi
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
33020O‘zbekistonda kecha, 4 noyabr kuni yuz bergan qum bo‘roni hodisasi 150 yil davomida kuzatilmagan. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan olib boriladigan kuzatish natijalariga asoslanib, markaz Matbuot kotibi Munisa Asilxo‘jayeva ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, respublika hududlaridagi chang-g‘ubor keskin shamollar oqibatida yuzaga kelgan. Ushbu chang shamol to‘xtashi bilan 15-20 daqiqa oralig‘ida tarqalgan.
Shuningdek, mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, respublikada joriy yilning 12 noyabr kuniga qadar yog‘ingarchiliklar (janubiy viloyatlardan tashqari) kuzatilmaydi. Atmosfera havosidagi chang-g‘uborlarning yaqin kunlar ichida saqlanib qolish ehtimoli mavjud.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshdi.
Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
LiveBarchasi