150 ga yaqin yamanlik o‘z xohishiga qarshi Ukraina frontida bo‘lishi mumkin
Olam
−
08 Oktabr
5008Rossiya tomonidan yollangan 150 nafarga yaqin yamanlik Ukraina frontida jang qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kambag‘al mamlakat aholisini Rossiyaga yuqori daromad va fuqarolik va’dalari jalb qilgan. U yerda ular Mudofaa vazirligi bilan o‘zlari tushunmaydigan rus tilidagi shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan.
“Kreml Yamandagi husiylarga qurol yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir paytda, urushdan vayron bo‘lgan bu mamlakat aholisi hech bo‘lmaganda yashash uchun qandaydir vositalarni topishga harakat qilmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 30 million aholining 83 foizdan ortig‘i qashshoqlikda yashaydi va 250 mingga yaqini mojarolarda halok bo‘lgan. Ko‘pchilik tirikchilik uchun biror narsa topish uchun qo‘shni Ummonga ko‘chib o‘tgan. U yerda ularni Rossiya tomonidan yollangan rekruterlar topishgan”, deyiladi xabarda.
Ukraina frontida Rossiya uchun qancha yamanlik kurashishga majbur bo‘lgani noma’lum, biroq Xalqaro uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) muxbiri WhatsApp’dagi "Rossiyada qolib ketganlar" guruhiga qo‘shilishga muvaffaq bo‘lgan. Guruhda 150 kishi bor. Ulardan 74 nafari Yamanning Moskvadagi elchisiga maktub yo‘llab, ularni frontdan olib chiqishni so‘ragan.
Yamanlik Hamza OCCRP bilan suhbatda, u Ummonda eng kam ish haqiga ishlab yurganida ishga yollash agentligi unga Rossiyaga borishni taklif qilganini aytgan. U oyiga 3000 dollar evaziga harbiylar bilan shartnoma tuzilgani, ammo shartlar jangovar topshiriqlarni bajarish bilan bog‘liq emas ekanini aytgan. Hamza qo‘riqchi yoki qurilish ishchisi bo‘lishini kutgan edi, lekin oxiri frontda qoldi.
“Bizning askarlar bo‘lishimiz aniq emas edi”, deydi u.
Yana bir yamanlik faxriy OCCRP’ga Ummonning Al Jabri General Trading & Investment kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma nusxasini taqdim etgan. U “malaka, tajriba va imkoniyatlarga qarab harbiy, xavfsizlik yoki fuqarolik sohalarida” ishlashni nazarda tutadi.
Biroq, kompaniya egasi Abdul Vali Abdo Hassan Al Jabri OCCRP’ga yangi chaqirilganlar harbiy xizmat haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lganini va bunga rozi bo‘lganini aytdi:
“Bu odamlar armiyaga qo‘shilish uchun kelishgan va bizning vazifamiz ularni Rossiyaga yetkazish edi”, deydi u.
Yana bir yamanlik Xichamning so‘zlariga ko‘ra, u ham jangga yuborilishini kutmagan (uning jangovar tajribasi yo‘q), Rossiyada unga Mudofaa vazirligi bilan o‘zi bilmagan rus tilida shartnoma imzolashga ruxsat berilgan va hujjatni suratga olish taqiqlangan.
Nashrning yozishicha, xuddi shunday yo‘l bilan Rossiya Nepal, Hindiston va Shri-Lanka aholisini Ukraina frontiga tortgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi iyul oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda vatandoshlarini ozod qilish masalasini muhokama qilgan. Sentyabr oyida Hindistonning NDTV telekanali 45 hindistonlik Rossiya armiyasi safidan bo‘shatilgani, yana 50 nafarini bo‘shatishga urinishlar davom etayotgani haqida xabar bergan edi. Bahorda Hindiston hukumati bir necha kishini odam savdosi va mahalliy aholini Rossiya armiyasiga yollashda gumon qilib hibsga oldi.
Yamanning Rossiyadagi harbiy attashesi, brigada generali Fuad al-Muhtadiy OCCRP’ga "shartnoma imzolangandan so‘ng, ko‘ngilli harbiy qonunlarga bo‘ysunishi”ni aytdi.
“Bizning ma’lumotlarga ko‘ra, imzolangan shartnomalar ko‘ngillilarga tegishli bo‘lgan barcha shartlar va huquqlarni to‘liq o‘z ichiga oladi”, deydi u.
Elchi Ahmad Salim al-Vahishi esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligida Rossiya armiyasidagi yamanliklar masalasini ko‘targanini bildirgan, ammo natijalar haqida gapirmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada 70 dan ortiq hindistonlik Rossiya tomonida jang qilish uchun aldanib qolgani, ulardan kamida sakkiz nafari halok bo‘lgani va jasadlari hali ham ortga qaytarilmagani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi