Rossiya Ukraianaga zarba yo‘lladi. O‘nlab qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 2 iyunga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Ukraina hududiga uyushtirilgan keng ko‘lamli raketa va dron hujumlari oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Eng ko‘p talafot Dnepr va poytaxt Kiyev shaharlarida qayd etilgan. Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Dneprda 6 kishi, Kiyevda esa 4 kishi vafot etgan.

Jarohatlanganlar orasida bolalar ham borligi aytilmoqda. Tungi hujumlar vaqtida turar-joy binolari, infratuzilma ob’ektlari va sanoat hududlari katta zarar ko‘rgan.
Kiyev shahrida hujumlar oqibatida ko‘plab portlashlar eshitilgan, osmonni tutun qoplagan. Shahar meri Vitaliy Klichko aholiga havo hujumi signallari vaqtida boshpanalarda qolishni qat’iy tavsiya qilgan. Harbiy ma’muriyat vakillari esa Rossiya ballistik raketalar va dronlardan foydalanganini bildirgan.

Favqulodda xizmatlar vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan fuqarolarni qidirish-qutqarish ishlarini davom ettirmoqda. Ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar ham kuzatilgan. Shuningdek, gaz stansiyasi, qurilish maydonchalari va bir nechta uylar zarar ko‘rgan.

Xarkov va Zaporoje shaharlarida ham hujumlar qayd etilgan. Xarkovda kamida 10 kishi, jumladan bir bola jarohatlangan, Zaporojeda esa sanoat ob’ektiga zarba berilgan.

Rossiya tomoni esa hujumlarni Ukraina tomonidan amalga oshirilgan avvalgi zarbalarga javob sifatida izohlagan. Moskva ilgari Kiyev va boshqa strategik markazlarga “tizimli zarbalar” berilishi haqida ogohlantirgan edi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ehtimoliy yirik hujumlar haqida ogohlantirib, aholiga ehtiyotkorlikni kuchaytirishni maslahat bergan. U razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya yana keng ko‘lamli zarbalar berishi mumkinligini ta’kidlagan.

So‘nggi haftalarda Rossiya Ukraina shaharlariga raketa va dron hujumlarini kuchaytirgan. Bu hujumlar tinch aholi orasida qurbonlar sonining oshishiga va infratuzilmaning jiddiy shikastlanishiga olib kelmoqda.

Ukraina tomoni esa Rossiyaning bu harakatlarini “shantaj va bosim” deb atab, G‘arb davlatlarini qo‘shimcha yordam va siyosiy bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Avvalroq, Ruminiyaning Galats shahrida uchuvchisiz uchish apparati ko‘p qavatli turar-joy binosi ustiga qulagan. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Bu Rossiyaga tegishli dron ekani taxmin qilingan, chunki aynan o‘sha paytda Rossiya kuchlari Ukrainaning Odessa viloyatiga dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirgan bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina dron qurbon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing