15 nafar bemorni o‘ldirgan shifokor umrbod qamaldi

Olam

image

Germaniyada shifokor 15 nafar bemorini o‘ldirishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Berlin sudi 41 yoshli Yoxannesni 2021 yil sentyabrdan 2024 yil iyulgacha bo‘lgan davrda 12 ayol va 3 erkakning o‘limida aybdor deb topdi. Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, uning to‘liq ismi oshkor qilinmagan.

Ma’lumotlariga ko‘ra, shifokor bemorlarning uyiga tashrif buyurgan vaqtida ularning roziligisiz turli dorilar aralashmasini yuborgan. Prokuratura bu vositalar bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lganini aytmoqda.

Qurbonlarning yoshi 25 yoshdan 94 yoshgacha bo‘lgan. Sudda ularning barchasi og‘ir xastalikka chalingan bo‘lsa-da, o‘limi yaqin bo‘lmagan.

Prokurorlar shifokor ayrim jinoyat izlarini yashirish uchun bemorlarning uylariga o‘t qo‘yishga uringanini ham bildirgan. 2024 yil iyul oyida esa u bir kun ichida ikki bemorni – Berlin markazidagi 75 yoshli erkak va qo‘shni hududdagi 76 yoshli ayolni o‘ldirganlikda gumon qilingan.

Sud jarayoni davomida uzoq vaqt sukut saqlagan shifokor ayrim ayblovlarni tan olgan. U og‘ir ahvoldagi 12 bemorini o‘ldirganini aytib, ularni “azob, uqubatdan qutqarayotganiga ishonganini” bildirgan. Shuningdek, yetkazgan azoblari uchun uzr so‘ragan.

“Men buni hamma uchun eng yaxshi yechim deb o‘ylagandim”, degan u sudda.

Rasmiylar shifokorning boshqa bemorlar o‘limiga ham aloqador bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda. Hozirda yana 76 ta holat bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Bu hodisa bo‘yicha boshqa ishlar ham tasqidlansa, bu Germaniya tarixidagi eng yirik ketma-ket qotillik holatlaridan biriga aylanishi mumkin.

Sud shifokorning aybini o‘ta og‘ir deb baholab, jazodan keyin ham profilaktik hibsda saqlash chorasi qo‘llanishini belgilagan. Shuningdek, unga tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish umrbod taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada uch nafar bolani o‘ldirganlik uchun avvaldan umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan va “niqobli odam” laqabi bilan tanilgan 55 yoshli Martin Fransiyada yana bir bola qotilligi uchun aybdor deb topilgani haqda xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing