133 mingdan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi

Jamiyat

image

O‘tgan yil noyabrdan joriy yil 3 martgacha 133 mingdan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bu haqda Kadastr agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” qonunga asosan 2024 yil 8 noyabr sanasidan 2025 yil 3 mart sanasigacha respublika bo‘yicha 133 mingdan ortiq ob’ektda xatlov ishlari amalga oshirilgan hamda 44 mingdan ortiq ob’ektlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan.

Qonunga ko‘ra, mazkur dasturga kiritilgan ob’ektlar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan 2 oy ichida ko‘rib chiqilmoqda. “E’tirof” dasturiga kirgan dastlabki ob’ektlarga tegishli xulosalar berish ishlari ham yakunlanib, respublika bo‘yicha 1600 dan ortiq ob’ekt jamoatchilikka e’lon qilingan.

Bildirilishicha, “E’tirof” AAT hamma uchun ochiq platforma bo‘lib, dasturdagi barcha jarayonlarni aholi ko‘rib, kuzatib borishi mumkin. Tasdiqlangan reja-jadval bo‘yicha xatlovdan o‘tkazilgan mahallalar hamda e’longa chiqarilgan har bir ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu ob’ektga tegishli davlat idoralari tomonidan berilgan ijobiy yoki salbiy xulosalar bilan onlayn tanishish imkoniyati mavjud. 

Buning uchun etirof.kadastr.uz saytiga kirib, “ma’lumotlar” bo‘limi tanlanadi. Unda ob’ektning kadastr raqami, manzili, turi, berilgan xulosalar haqida ma’lumotlar mavjud. Tegishli ko‘chmas mulkni tanlab “batafsil” tugmasini bosish orqali ushbu ob’ektning yer ma’lumotlari, xaritasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan berilgan xulosalar bilan tanishish mumkin. 

Agar ob’ektga biror salbiy xulosa berilgan bo‘lsa, dastur orqali salbiy xulosa bergan tashkilot va u tomonidan berilgan hujjat bilan to‘liq tanishish mumkin. Shuningdek, One ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, salbiy xulosa bergan tashkilotga ariza qoldirish imkoniyati ham yaratilgan. Ushbu ariza esa qonunga ko‘ra 1 oy ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

xatlov “E'tirof” dasturi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing