12 soatlik muzokaralar: Serbiya Kosovoni tan oladimi?
Olam
−
20 mart 2023
5394Serbiya va tan olinmagan Kosovo o‘zaro aloqalarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda “BalkanInsight” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel 18 mart kuni kechqurun Shimoliy Makedoniyaning Obrid shahrida o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng, Serbiya va Kosovo Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvatlangan o‘zaro aloqalarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich esa hozircha hech qanday rasmiy hujjat imzolanmagani va og‘zaki kelishuvga erishilganini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kosovo Bosh vaziri Albin Kurti va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasidagi muzokaralar 12 soat davom etgan. Borrelning ta’kidlashicha, Kosovo va Serbiya rahbari muzokaralar yakunida fevral oyidagi ularning so‘nggi oliy darajadagi uchrashuvida qabul qilingan kelishuvni qanday amalga oshirish bo‘yicha gaplashib olgan.
Borrelning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar kelishuvning barcha moddalariga rioya qilishga va o‘z majburiyatlarini tezkorlik bilan va vijdonan bajarishga to‘liq kelishib olgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken AQSH Serbiya va Kosovo kelishuvlarini amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Blinken Belgrad va Pristinaning majburiyatlarini bajarish ularning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lini tezlashtirishini ta’kidlagan.
Vashington ma’muriyati Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich va tan olinmagan Kosovaning Bosh vaziri Albin Kurti o‘rtasidagi kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlashini va ularni Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirishda ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qilgan. Bu haqda Entoni Blinkenning kecha, 19 mart kuni e’lon qilingan bayonotida aytilgan.
"Qo‘shma Shtatlar Kosovo va Serbiya tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magida erishilgan 27 fevraldagi munosabatlarni normallashtirish yo‘li bo‘yicha kelishuvni mamnuniyat bilan qabul qiladi", deyiladi hujjatda.
U Serbiya Prezidenti va Kosovo Bosh vaziriga kelishuvga erishishda yetakchi rol o‘ynagani uchun minnatdorlik bildirgan.
Ikki sub’ekt o‘rtasida kelishuvga erishilganini Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham olqishladi.
“Umid qilamizki, tomonlar mazkur kelishuv qoidalariga to‘liq amal qiladilar va kelgusi davrda aniq natijalarga erishadilar.
Mamlakatimiz bu jarayonga, ayniqsa, elektr energiyasini taqsimlash masalasiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Prezidentimiz yaqinda Serbiya Prezidenti Vuchich bilan ham, Kosovo Bosh vaziri Kurti bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Biz Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz", deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Jozep Borrel ushbu kelishuvni amalga oshirish uchun birinchi qadam sifatida Prishtina serbiyalik ozchilikka o‘zini o‘zi boshqarish huquqlarini berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi kerakligini aytgan.
Kosovo Bosh Vaziri Kurti uchrashuvdan so‘ng ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ushbu kelishuv Serbiya va Kosovo o‘rtasida de-fakto o‘zaro tan olinishni anglatishini ta’kidlab, Serbiya Prezidenti yana bir bor kelishuvni imzolashdan "qochgan"ini aytgan.
Vuchich va Kurti 27 fevral kuni Bryusselda Borrel vositachiligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan "Kosovo va Serbiya munosabatlarini normallashtirish yo‘li to‘g‘risidagi bitim"ni kelishib olgan, ammo uni imzolamasdan, kelishuvni amalga oshirish uchun harakatlar ketma-ketligini muhokama qilishni 18 martgacha kechiktirgandi. Hujjatda pasportlarni o‘zaro tan olish, Serbiyaning Kosovoning jahon sahnasidagi vakolatxonasidan voz kechishi, diplomatik missiyalar almashinuvi va tomonlarning munosabatlarni har tomonlama normallashtirish bo‘yicha qonuniy majburiyatlari mavjud.
“BIRN” nashri mutaxassislarining ta’kidlashicha, agarda xalqaro hamjamiyat tomonlarni ushbu majburiyatlarni bajarishga undamasa, bu kelishuv ham oldingilari singari amalga oshmay qolishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kosovo 1998-1999 yillardagi urushda Serbiyadan ajralib chiqqan va 2008 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Bugungi kunga qadar bir qator G‘arb va Yevropa davlatlari uning mustaqilligini tan olgan. Faqat qit’aning besh davlati – Slovakiya, Ispaniya, Ruminiya, Kipr va Gretsiya ushbu davlatni tan olmagan. Shuningdek, Hindiston, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar ham Kosovoni mustaqil davlat sifatida tan olmaydi. Serbiyaning o‘zi bo‘lsa 2006 yilgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, Kosovoni hech qachon tan olmasligini belgilab qo‘ygan.
LiveBarchasi