119 ta davlat tashkiloti Prezident farmonini bajarmagan – KQKA

Jamiyat

image

2021  yil O‘zbekistonda 119 ta davlat organi va tashkiloti o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilishini ta’minlamagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotda aytilgan. 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan.

Kuzatuvlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning belgilangan tartibda ochiqlanishini ta’minlamagan 11 ta viloyat, Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish haqida rasman ogohlantirilgan.

Qolaversa, 2021 yilning oktyabr oyida vazirlik va idoralar kesimida o‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha 230 ta davlat idoralarining 121 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirmaganligi aniqlandi.

Shu kabi, Respublikadagi 119 ta davlat organi va tashkiloti o‘z  tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilishini ta’minlamagan bo‘lsa, 48 tasi Portalda shaxsiy kabinet ham ochmaganligi ma’lum bo‘ldi. 

Ma’lumot o‘rnida, bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan vazirlik va idoralar mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida Agentlik tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Ochiq ma'lumotlar portali

Baholaganlar

138

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing