“11 sentyabr ssenariysi”. Isroil Flydubai samolyotidagi holat bo‘yicha versiyani e’lon qildi
Olam
−
09:41 965 3 daqiqa
Isroil maxsus xizmatlari BAAdan Isroilga uchayotgan Flydubai samolyotining ikkinchi uchuvchisi laynerni Tel-Avivdagi osmono‘par binoga yo‘naltirish uchun boshqaruvni egallab olishga uringan deb hisoblamoqda. Bu haqda “The Telegraph” nashriga uchta xabardor manba ma’lum qildi.
“Bu 11 sentyabrga o‘xshash ssenariy deb hisoblanmoqda, unda ikkinchi uchuvchi uchuvchini o‘ldiradi va samolyotni aksariyati isroilliklardan iborat bo‘lgan barcha yo‘lovchilar bilan birga Isroil hududida qulatadi”, deydi manbalardan biri.
Samolyot 30 sentyabr ertalab ikkinchi uchuvchining kapitanga hujum qilishi ortidan Saudiya Arabistonida favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Hodisa davomida ikkinchi uchuvchi hamkasbiga cho‘ntak pichog‘i bilan bir necha bor zarba bergan, shundan so‘ng layner keskin pastga sho‘ng‘igan. 37 soniya ichida samolyot taxminan 4,6 ming metr balandlikni yo‘qotgan va odatda samolyotni olib qochishda ishlatiladigan “noqonuniy aralashuv” signalini yuborgan.
Yaniv Xayun ismli yo‘lovchining “The Telegraph” nashriga aytishicha, hodisa vaqtida u kabinaga bostirib kirib, samolyotni boshqarayotgan ikkinchi uchuvchini ko‘rgan.
“Men terrorchini ushlab oldim, unga nisbatan bo‘g‘ish usulini qo‘lladim va eng avvalo uni tashqariga sudrab chiqardim”, deydi u.
Shundan so‘ng, Xayun bir muddat samolyot boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Keyinchalik shturvalni bortda bo‘lgan boshqa ikki nafar uchuvchi egallab, laynerni Saudiyaning Tabuk shahriga qo‘ndirgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “samolyotni bortdagi barcha odamlar bilan birga qulatish” maqsad qilingan bo‘lishi mumkinligi tekshirilayotganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u sodir bo‘lgan voqeani to‘g‘ridan to‘g‘ri terakt deb atashdan tiyilgan. Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats esa hodisani “jihodga urinish” deb atagan.
Samolyot qo‘nganidan so‘ng Saudiya Arabistoni hukumati ikkinchi uchuvchini hibsga olgan. U, taxminlarga ko‘ra, Ummon fuqarosi hisoblanadi. Uning shaxsi va harakatining sabablari hali rasman tasdiqlangani yo‘q.
Flydubai aviakompaniyasi yuz bergan hodisa sabablari o‘rganilayotganini bildirgan va “barvaqt xulosa chiqarmaslikka” chaqirgan.
Binyamin Netanyaxuning “Fox News”ga bergan intervyusida aytishicha, Flydubai samolyoti bortidagi teraktning oldini olishga yordam bergan Isroil fuqarosi santexnik bo‘lib ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 sentyabr kuni Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan Tel-Avivga FZ1073 reysi bo‘yicha uchayotgan Boeing 737 MAX 8 yo‘lovchi samolyoti yordam so‘rab samolyotni egallab olishga urinish signalini uzatganidan so‘ng, ertalab Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan edi.
Bortda 174 kishi, jumladan 27 nafar bola bo‘lgan. Ba’zi yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga uchuvchilar kabinasidan baqir-chaqir eshitilgan, keyin kabina eshigi ochilib ketgan, ular bir uchuvchining jarohatlanganini va kiyimi qonga belanganini ko‘rishgan. Unga birinchi yordam ko‘rsatilgan, yo‘lovchilardan biri shifokor bo‘lib chiqqan. Ekipaj a’zolari va reys yo‘lovchilariga hujumchini zararsizlantirish ham muvaffaq bo‘lgan.
Saudiya Arabistoniga qo‘nishni bortda yo‘lovchi sifatida ketayotgan boshqa ikki nafar uchuvchi amalga oshirgan. CNN aniqlik kiritishicha, samolyotni keyingi reysda uchishi kerak bo‘lgan ikki nafar “zaxiradagi uchuvchi” qo‘ndirgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Saudiya Arabistoni hukumati hamkasbini pichoq bilan jarohatlagan uchuvchini hibsga olganini ma’lum qilgan. Pichoqdan jarohat olgan uchuvchi ekipaj kapitani – Hindiston fuqarosi Smit Machchxar bo‘lib chiqdi.
“Og‘ir jarohatlarga qaramay, u qarshilik ko‘rsatdi, uchuvchilar kabinasi eshigini ochdi hamda yo‘lovchilar va ekipajga hujumchini zararsizlantirishga imkon berib, havodagi falokatning oldini oldi”, deb yozdi X tarmog‘ida Binyamin Netanyaxu.
Live
Barchasi