11 sentyabr qurbonlari xotirasiga Nyu-York osmonida Egizak minoralar qayta tiklandi
Olam
−
12:33 1182 2 daqiqa
Nyu-Yorkda 11 sentyabr teraktlarida halok bo‘lganlar xotirasiga 2 977 ta dron yordamida Osmonda Egizak minoralar shakli aks ettirildi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Nyu-York bandargohi ustida o‘tkazilgan “2,977 Lights Over New York Harbor” nomli dron-shou 11 sentyabr teraktlarining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.
Shoudagi har bir yorug‘lik droni 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlarda halok bo‘lgan bir kishini anglatgan. Dronlar dastlab Gudzon daryosi ustida osmonda yorug‘ yulduzlar kabi harakatlangan, so‘ngra birlashib, Egizak minorlar qiyofasini hosil qilgan.
Yodgorlik tadbiri 9/11 hodisalaridan omon qolganlar, qurbonlar oila a’zolari va birinchi bo‘lib yordam ko‘rsatgan qutqaruvchilar hamkorligida tayyorlangan.

Dron-shou Nyu-Yorkda 2002 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan “Tribute in Light” yorug‘lik installyatsiyasiga ham qo‘shildi. Unda minorlarni ifodalash uchun ikki qatorda 88 ta vertikal projektordan foydalaniladi.
Ma’lumot uchun, 2001 yil 11 sentyabrda “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti a’zolari tomonidan 4 ta yo‘lovchi samolyoti olib qochilgan. Ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Egizak minorlarga, yana biri Pentagon binosiga urilishi natijasida minglab insonlar halok bo‘lgan. To‘rtinchi samolyot esa yo‘lovchilar qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng Pensilvaniya shtatidagi dalaga qulagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlarni tashkil etishda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad va uning 3 nafar sherigi ustidan harbiy tribunal sudi 2028 yil iyun oyida boshlanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi