100 mlrd dollarlik zarba: Hindiston SI davriga “sakrayapti”

Olam

image

Hindiston sun’iy intellekt poygasida jiddiy o‘yinchiga aylanishni maqsad qilgan. “Adani Enterprises” 2035 yilgacha 100 milliard dollar sarmoya kiritib, qayta tiklanuvchi energiya bilan ishlaydigan, SIga moslashtirilgan yirik data-markazlar qurishini e’lon qilgan. Bu loyiha mamlakatni global texnologik xaritada yuqori pog‘onaga olib chiqishni ko‘zlaydi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur sarmoya server ishlab chiqarish va “suveren bulut” platformalari kabi yo‘nalishlarda qo‘shimcha 150 milliard dollarlik faollikni qo‘zg‘atadi. Natijada keyingi o‘n yillikda Hindistonda 250 milliard dollarlik sun’iy intellekt infratuzilma ekotizimi shakllanishi mumkin.

So‘nggi yillarda Google, Amazon, Microsoft va Meta kabi global gigantlar ham Hindistonda SI infratuzilmasiga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Mahalliy gigantlar — Reliance va TCS ham bu jarayonda faol. Tahlilchilarga ko‘ra, chip ishlab chiqarish salohiyati cheklangan sharoitda aynan data-markazlar Dehlining SI bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashi uchun eng real imkoniyatdir.

Adani mavjud 2 gigavattli data-markaz quvvatini 5 gigavattgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 55 milliard dollar qayta tiklanuvchi energiya va yirik akkumulyator tizimlariga yo‘naltiriladi.

“Ko‘p yillar davomida texnologiyani import qildik. Endi esa poydevorni o‘zimiz quramiz”, deydi kompaniya rahbari Gautam Adani.

Bozor esa signalni ijobiy qabul qildi: kompaniya aksiyalari e’lon ortidan keskin ko‘tarildi. Hindiston esa endi nafaqat SI asriga ergashishni, balki uni shakllantirishni da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Alibaba Group” robototexnika uchun mo‘ljallangan RynnBrain nomli yangi sun’iy intellekt modelini taqdim etgan edi. Qayd etilishicha, ishlanma kompaniyaning tadqiqot markazi – DAMO Academy tomonidan yaratilgan. Model butun dunyo ishlab chiquvchilari uchun ochilmoqda, ya’ni undan bepul foydalanish va uni takomillashtirish mumkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston sun'iy intellekt robototexnika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing