10 sutka qamoq va jarima. Stadionda janjallashgan bloger va san’atkorlar jazolandi (video)
3-sahifa
−
31 may 2025 26794 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahridagi “Jar” stadionida o‘tayotgan LikeCup turnirida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqani haqida xabar berilgandi. Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, tegishli sud qarori chiqarildi.
To‘polonni boshlagan blogerning aytishicha, u bu ishni har ikkala jamoa a’zolari bilan kelishgan holda amalga oshirgan. Go‘yoki ikki jamoa o‘rtasidagi janjal sahnalashtirilgan. Maqsad esa obunachilarni ko‘paytirish bo‘lgan.
Blogerning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z faoliyatini endi boshlagan va buning orqasidan yaxshigina obunachi yig‘moqchi bo‘lgan.
Voqea bo‘yicha Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tgan hamda unda qoidabuzarlarga nisbatan sud qarori qabul qilingan. Jumladan, turnir tashkilotchisi bo‘lgan aktyor Alisher Uzoqov, qiziqchi Abdurahmon Mavlonov, blogerlar Mirjalol Rahmonaliyev hamda Dilshodbek O‘rozboyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddaning (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (3 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Janjalni keltirib chiqargan Ozodbek O‘rozboyev esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan. Qolaversa, Kamoliddin Mamajonov ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 194-moddaning 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va bazaviy hisoblash miqdorining 12 barobari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq LikeCup loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqargani va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lgani uchun loyiha vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi