10-sinf o‘quvchisi Simonyanga suiqasdda ayblanib qamaldi
Olam
−
21 iyul 2023
7194“Russian Today” telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan va jurnalist Kseniya Sobchakka rejalashtirilgan “suiqasd” ishi bo‘yicha sakkizinchi ayblanuvchi hibsga olindi. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Moskvaning Basmanniy sudidagi manbalarga tayanib, TASS xabar berdi.
Gap shundaki, joriy yilning 15 iyul kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati “Margarita Simonyan va Kseniya Sobchakka suiqasd uyushtirish”ning oldini olgani haqida xabar bergan. Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, qotillikni Simonyan va Sobchakning ish va yashash manzillarida razvedka olib borgan “Paragraf-88” guruhining “neonatsistlari” tayyorlagan.
Shu kuni Moskva Basmanniy sudi yetti nafar gumonlanuvchini hibsga olinganini ma’lum qilgan. Ulardan to‘rt nafari voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan. Shu bilan birga, xabarda yoshlar Simonyan va Sobchakka “suiqasd uyushtirish”ga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq holda qo‘lga olingani eslatilmagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchilar “milliy nafratdan kelib chiqqan holda bezorilik niyatida, uyushgan guruh tarkibida chet el fuqarolariga o‘ziga xos beadablik bilan hujum qilgan”.
“Russian Today” telekanalida o‘zini “Paragraf-88” guruhi asoschisi deb atagan 18 yoshli Mixail Balashovning so‘roqqa tutilgani aks etgan videolavhani efirga uzatgan. Unda Balashov va uning do‘stlari slavyan bo‘lmagan ko‘rinishdagi shaxslarga hujum qilgani, shundan so‘ng u bilan Ukraina maxsus xizmatlari bog‘langani da’vo qilingan.
“Avvaliga bizga rele shkaflarini yoqishni taklif qilishdi. Keyinroq Margarita Simonyan va Kseniya Sobchakni buyurtma asosida o‘ldirish taklif etildi. Men Margarita Simonyanning yashash joyini ko‘zdan kechirdim, buning uchun pul oldim. Shundan so‘ng kurator bilan bog‘landim, u menga Kalashnikov avtomati va pul qoldirishi kerak edi. Qurol joylashgan joyga kelganimda maxsus xizmat xodimlari tomonidan ushlandim”, deydi Balashov videoda.
Aytilishicha, kecha, 20 iyul kuni guruhning a’zosi deb gumon qilingan yana bir voyaga yetmagan shaxs qamalgan. U 14 sentyabrgacha hibsda qolishi belgilangan.
“Mediazona” nashri sud qaroriga tayanib, hibsga olingan shaxs Moskva maktablaridan birining 10-sinf o‘quvchisi Artem R. ekani, u 17 iyul kuni qo‘lga olinganini yozgan. Manbada aytilishicha, sudda himoyachi o‘quvchini tergov izolyatoriga jo‘natmaslikni so‘ragan, chunki u ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan buvisiga qaragan va tergov bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan. Biroq, sudning fikricha, yigit ozodlikda “jinoyatda noma’lum sheriklar bilan aloqada bo‘lishi”, dalillarni soxtalashtirishi yoki yashirinishi mumkin.
LiveBarchasi