Manbasi yo‘q yaxshi niyat foyda emas, zarar – Jamshid Qo‘chqorov mablag‘ yetishmovchiligi haqida (video)

Jamiyat

Kecha, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva hududlarda Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” va boshqa davlat dasturlarini amalga oshirish uchun mablag‘lar yetmayotgani, chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanmay qolayotganini aytib, bu borada mahalliy byudjetlarning imkoniyati yetadimi yoki respublika byudjetidan yordam qilish kerakmi, deb Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga murojaat qildi.

Jamshid Qo‘chqorov savolga javoban so‘nggi 2-3 yilda juda ko‘plab dasturlar qabul qilinganini e’tirof etdi. Shu bilan birga, ko‘p hollarda mablag‘ yetmayotgan loyiha aslida byudjet dasturida inobatga olinmagan loyiha bo‘lib chiqishini ta’kidladi.

“Ko‘pincha mablag‘ yetmayapti degan joyimizda shu narsa nima uchun yetmayapti bu ob’ekt o‘zi byudjetda bormi yoki yo‘qmi degan savol tug‘iladi. Yaqinda Bosh vazirimiz Abdulla Nig‘matovich selektrda bir misol keltirdi, Qashqadaryoning Talimarjonida 45 mlrd so‘mlik ish bajarilgan, hamma “uylarning tomi ochiq, ish bitmayapti. Byudjetdan mablag‘ berilmabdi” deb aytyapti. Nima uchun berilmagan, bu ob’ektning byudjetda manbasi yo‘q.

To‘g‘risini aytamiz, o‘n balki ellik yil davomida yig‘ilib qolgan juda ko‘p muammolar bor. Bularni hammasi hal bo‘lmasligini davlatimiz rahbari ham bir necha bor aytib o‘tgan. Maksimal hammasining chorasi ko‘rilyapti. Lekin hamma narsani ham birvarakayiga qilish imkoniyatiga ega emasmiz. 

Dasturga kirgan ob’ekt bo‘ladigan bo‘lsa, uni qilish imkoniyatiga egamiz. Dasturga kirmagan ob’ekt bo‘lsa, oldin uni manbasini aniqlab, keyin harakat qilishimiz kerak. Albatta, usha Talimarjondagi ish ham yaxshi niyat bilan bo‘lgan. Lekin manbasi yo‘q yaxshi niyat foyda emas, zarar”, dedi Jamshid Qo‘chqorov Senat raisiga javobida.

Moliya vaziri mahalliy hokimliklar aholi talabidan kelib chiqib, byudjetga kiritmagan ba’zi ishlarni bajargan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, bu xarajatlar uchun aslida imkoniyat yo‘qligini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Jamshid Qo'chqorov Senat

Baholaganlar

106

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing