1 yanvardan qonunchilikda bizni nimalar kutmoqda? “GAI”, bekor qilinayotgan ma’lumotnomalar, xususiy notarius va boshqalar

Tahlil

image

O‘tgan vaqt mobaynida turli sohada bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolarga huquqiy ko‘mak berish maqsadida QALAMPIR.UZ sayti kelayotgan har bir yangi oydan avval kuchga kirayotgan huquqiy hujjatlarni e’lon qilib borishni maqsad qilgan. Hozircha 1 yanvardan kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlar xususida gaplashamiz. 

Mobil videokamerasi yo‘q YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmang!

“Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi NIZOMga ko‘ra, yo‘l-patrul xizmati xodimlari yangi yilning 1 yanvaridan xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishga majbur bo‘ladi.

Unga ko‘ra, yangi yilning birinchi kunidan bodi-kamerasi yo‘q YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega. Bu norma aslida 2019 yilning 1 iyulidan kuchga kirishi kerak edi. Lekin uning ijrosi yangi yilgacha kechiktirilgandi.

Elektron mehnat daftarchasi joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 31 oktyabrdagi PQ-4502 son qarori qabul qilingandi. Hujjatga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab elektron mehnat daftari joriy etiladi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sh.D.Qudbiyev zimmasiga yuklatilgan.

Xalq deputatlari Kengashining vakolati bittaga ortadi

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra:

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligida mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;

•    jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan 28 turdagi ma’lumotnoma so‘ralishi bekor qilinadi

2019 yil 9 dekabrda Prezidentning “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.


2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hujjatlar ro‘yxati shakllantirildi:

1. Yashash joyidan ma’lumotnoma;
2. Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha yashayotganligi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
3. Doimiy va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar soni to‘g‘risida ma’lumotnoma;
4. Doimiy yashash joyida yashayotgan muddati ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
5. Yashovchi shaxslar sonini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma;
6. Turar joyda yashovchi shaxslar ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma;
7. Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha bir o‘zi yashashi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma;
8. Fuqaroning yolg‘iz yashayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
9. Oila a’zolarining pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turganligi holatini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
10. 80 yoshga to‘lgan, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksa yoshdagi odamni parvarish qilgan vaqtni tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
11. Qaramog‘ida mehnatga layoqatsiz oila a’zolari borligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
12. Vafot etgan boquvchining qaramog‘idagi oila a’zolari tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
13. Vafot etgan xodim bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
14. Shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida ishlovchi fuqarolarning bandligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
15. Shaxs haqiqatan nogironni parvarish qilayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
16. Ishsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
17. Vafot etgan boquvchining ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, buvasi, buvisi, aka-ukasi yoki opa-singlisidan biri vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
18. Vafot etgan shaxsning ota-onalari, turmush o‘rtog‘i yoki oilaning boshqa a’zosi vafot etgan shaxsning uch yoshga to‘lmagan bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
19. Xodimning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
20. Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalarni olish uchun voyaga yetmagan shaxsning yoki pasport olmagan shaxsning fotosurati yopishtirilgan ma’lumotnoma;
21. Vasiylikka olinganlarni ta’minlash va ularni zarur darajada parvarishlash bo‘yicha qarindoshlarining bunga qodirligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
22. Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan ishlamaydigan shaxslar uchun ma’lumotnoma;
23. Shaxsiy yordamchi xo‘jaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtirish bilan bandligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
24. O‘zi tayyorlagan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
25. Kasallikka chalingan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) ayollarning alohida xonada yashashi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
26. Kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
27. Jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarning tavsifi bilan ma’lumotnoma;
28. Dafn o‘tkazilganligi holatini tasdiqlash uchun ma’lumotnoma.

Xususiy notariuslar tashkil etiladi

“O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan xususiy notarial idoralar tashkil etiladi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu hujjatdan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilangandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

bodi-kamera elektron mehnat daftari xususiy notarius

Baholaganlar

312

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing