Haydovchining kalitini olib qo‘ygan YPX inspektori ishdan bo‘shatildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida haydovchi bodi-kamerasiz YPX xodimiga hujjatlarini ko‘rsatmasligi oqibatida ikki o‘rtada mojaro kelib chiqqani tasvirlangan video tarqalgandi. Holat bo‘yicha viloyati IIB ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, videotasvirdagi holat joriy yilning 31 yanvar kuni Qarshi shahar Islom Karimov ko‘chasi, Qarshi-Yettitom yo‘lining 3 kmgacha hamda Qarshi-Koson yo‘liningn 5 kmgacha bo‘lgan masofada jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzar haydovchilarni aniqlash va ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida xizmatga jalb qilingan YPX xodimi bilan sodir bo‘lgan.

Viloyat IIB YHXB YPXB 2-YPX otryadi 2-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori katta serjant Boborahim Fayzullayev Abdiqodirovich shu kuni soat 07:30 larda o‘zining VAZ-2107 rusumli avtomashinasi bilan Qarshi shahar tomonga harakatlanib kelayotgan vaqtida Damas rusumli avtomashina Qarshi-Koson yo‘lining Qarshi tumani Uzunnavo qishlog‘i ro‘parasida o‘rnatilgan svetaforning taqiqlovchi qizil chirog‘idan harakatlanib kelganligi uchun uni o‘zining avtomashinasi bilan to‘xtatgan.

Katta serjant Boborahim Fayzullayev avtomashinasidan tushib, o‘zining e’tiborsizligi oqibatida bodi-kamerasidan foydalanmagan holda bosh kiyimini kiymasdan Damas rusumli avtomashina eshigini ochib, haydovchi Yo‘ldoshevga o‘zini tanishtirmasdan, tegishli hujjatlarini taqdim qilishni so‘ragan.

Shundan so‘ng fuqaro Yo‘ldoshev katta serjant B.Fayzullayevga “komandir odamni qo‘rqitmang, kamerangiz yo‘q”,deb e’tiroz bildirganidan so‘ng u o‘zining avtomashinasidan bosh kiyimini olib kiyib bodi-kamerasini olgan va Damas rusumli avtomashina eshigini ochib haydovchiga hujjatlarini taqdim etishni talab qilib, avtomashina kalitini olib qo‘ygan.

Fuqaro Yo‘ldoshev katta serjant B.Fayzullayevga “komandir bunaqa qilishga haqqingiz yo‘q”, deb e’tiroz bildirganida haydovchiga “Nima qilishga haqqim boru, nimaga haqqim yo‘qligini o‘zim bilan”, deb, u bilan qo‘pol muomalada bo‘lib hujjatlarini taqdim qilishni talab qilgan. Haydovchi YPX inspektoriga hech qanday qoida buzmaganligini, svetoforning yashil chirog‘idan harakatlanib kelganligini aytgan. YPX inspektori uni gaplariga e’tibor bermasdan hujjatlarini taqdim qilishini, o‘zini “Dilbek” ekanligini tasdiqlab berishini aytganida, haydovchi YPX inspektoriga avtomashina eshigini yopishni talab qilgan.

Katta serjant B.Fayzullayev avtomashina eshigini yopib hujjatlarini berishni talab qilganida, fuqaro unga “Meni qisib to‘xtatdingiz, Sizni bunga haqqingiz yo‘q, avtomashina kalitini ham olib qo‘ydingiz buning uchun ham javob berasiz, bunday qilishga haqqingiz yo‘q, bu ishlaringiz uchun javob berasiz, men tegishli joyga arz qilaman”, deb, avtomashina hujjatlarini YPX inspektoriga taqdim qilganida u hujjatlarni olib, “Yo‘lning narigi tomoniga o‘tasiz”-deb, o‘zining avtomashinasiga minib yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib to‘xtagan.

Shundan so‘ng, fuqaro Yo‘ldoshev avtomashinasidan tushib, o‘zini o‘zi tasvirga olib, mashinasi ochiq qolayotganiga urg‘u berib YPX inspektorining orqasidan borgan.

YPX inspektori fuqaro Yo‘ldoshevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ning 31-bandida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun UZ-19-seriyali 70-270501-raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va haydovchini ma’muriy bayonnoma bilan tanishtirib haydovchilik guvohnomasini ma’muriy bayonnomaga ilova qilib, qolgan hujjatlarini to‘liq qaytarib bergan.

Mazkur holat yuzasidan YPX katta inspektori katta serjant Boborahim Fayzullayevga nisbatan viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, o‘tkazilgan tekshiruv davomida, katta serjant Fayzullayev xizmat faoliyatini olib borishi davomida IIVning me’yoriy hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarga rioya etmasdan, fuqarolar bilan bepisandlarcha qo‘pol munosabatda bo‘lib, o‘zining intizomsizlini namoyon qilib, fuqarolar ongida IIO xodimlari to‘g‘risida salbiy fikrlarni o‘yg‘onishiga sababchi bo‘lganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

YPX bodi-kamera Qarshi

Baholaganlar

408

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing