1 yanvardan eko-stiker tizimida jarima qo‘llash boshlanmaydi
Jamiyat
−
23 dekabr 3093 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab, “ekologik hudud”ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqida xabarlar tarqaldi. Aslida, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Haqiqatan ham 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekiston sharoitida eko-stiker, ya’ni “Ekologik transport” tizimi kuchga kiradi, biroq tizimga oid qoidalar buzilganda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, eko-stikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda bo‘ladi. Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini o‘zgartirish huquqiga ega. Mamlakatdagi barcha hududlarda diagnostik markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik ko‘rikdan o‘tkazib, stikerlari rangini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, qizil stikerli avtomashinalar toza hududga kirmoqchi bo‘lganida bevosita xabar berib boriladi. Chunki transport vositalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hisobotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritib boriladi. Bu borada yagona elektron tizim mavjud. Bugungi kunda markaziy shaharlarning aksariyat qismida dasturlashtirilgan kameralar va kuzatish imkonini beruvchi boshqa vositalar mavjud.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jarima qo‘llash tizimi 2026 yil 1 yanvardan boshlanmaydi. Eko-stiker rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.