1 sentyabrdan bolali oilalarga nafaqa miqdorini belgilash tartibi o‘zgaradi
Jamiyat
−
28 iyul 2021
171901 sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, 122 ming nafar “temir daftar”ga kirgan oila farzandlari, shuningdek 370 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so‘mdan beriladi.
Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanadilar.
Shuningdek, vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarga 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy byudjetdan 1,2 million so‘m, nogironligi bo‘lganlarga esa respublika byudjetidan 2,5 million so‘m to‘lanadi. Nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan oilalarga, ularni parvarishi davrini mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etiladi.
Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtiriladi. Jumladan, 18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Buning uchun, 757 nafar bolaga uy-joy sotib olishga joriy yilda byudjetdan 120 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Viloyat hokimlari 1 oktyabrga qadar 757 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlasin.
"Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshiriladi. Shuningdek, ota-onasidan ajragan talabalarga pensiya to‘lash muddatini amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirsak, o‘ylaymanki, bu ham adolatdan bo‘ladi", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu talabalarga zarur adabiyotlar sotib olish uchun har yili bir marta 1,2 million so‘m subsidiya beriladi.
LiveBarchasi