1 sentyabrdan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yangi tartibda to‘lanadi

Jamiyat

image

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining kecha, 25 iyul kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

•    ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish;

•    majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish;

•    aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

•    nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash;

•    aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash;

•    ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyotini joriy etish.

Quyidagilar:

•    O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi;

•    O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari;

•    O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida, 2024 yildan boshlab “Yo‘l xaritalari” har ikki yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.

Farmonga ko‘ra, Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Belgilanishicha, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan:

a) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi.

Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi;

b) kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.Turdiyev), Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (Z.Maxkamova) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

•    2023 yil 1 martga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar ro‘yxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

•    2023 yil 1 iyulga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini tasdiqlaydi.

Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilishi munosabati bilan:

•    2022 yil 1 sentyabrdan Moliya vazirligi huzuridagi Ma’muriy binolardan foydalanish boshqarmasi tugatilishi hisobiga 3 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish bo‘limi;

•    byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro apparati shtat birliklari hisobidan 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy to‘lovlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirish sho‘’basi;

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari huzurida, ularning umumiy shtat birliklari doirasida 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish va Ijtimoiy sug‘urta nafaqalari to‘lovlarini monitoring qilish bo‘limlari tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

nafaqa homiladorlik

Baholaganlar

673

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing