1 mln xonadondagi isitish tizimi tejamkorlariga almashtiriladi
Jamiyat
−
27 avgust
5636Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 avgust kuni energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda joriy yilning iyul oyida Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashni ilmiy asoslangan holda 2 baravar oshirib bajarish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi. Shundan so‘ng, Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan Farg‘ona tumanidagi elektr iste’moli o‘rganildi.
Qayd etilishicha, 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorga xizmat qiladigan “Log‘on” podstansiyasidagi yillik yo‘qotish 5 million kilovatt soatni tashkil qiladi. Bu – tabiiy yo‘qotish uchun belgilangan me’yordan 1,5 baravar ko‘p.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt soat yo‘qotishning oldini olish mumkin. Eng muhimi, bunga xarajat talab qilinmaydi. Tuman elektr korxonasida boshqaruv to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa bo‘ldi. Respublika bo‘yicha 1800 ta ortiqcha sarf qilgan podstansiya va 100 mingga yaqin transformator borligi ta’kidlanib, mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilish, energiyani tejash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda gazni tejash bo‘yicha yaxshi natija borligi aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, hozirgacha 95 mingta xonadondagi eskirgan “gorelka” energiya tejamkoriga almashtirilgani va isitish tizimi izolyatsiya qilingani hisobiga, yiliga 145 million kubmetr gaz iqtisod bo‘lmoqda. Yana 16 ming ehtiyojmand oilaga mahalliy byudjet hisobidan shunday pechlar qo‘yib berish boshlangan. Bu orqali 20 million kubmetr gaz iqtisod qilinib, ehtiyojmand aholi ixtiyorida 12 milliard so‘m qoladi. Shu tarzda, O‘zbekistondagi 1 million xonadonning isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlangandi. Prezident Mirziyoyev elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qolishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi