1 iyuldan DSQ xodimlarining mol-mulki majburiy deklaratsiya qilinadi

Jamiyat

image

Davlat soliq qo‘mitasi soliq tizimi xodimlari daromadlari va aktivlarini majburiy deklaratsiyalashni taklif etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Davlat soliq xizmati organlari xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari – jismoniy shaxslar daromadlari va aktivlarini deklaratsiyalash tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida belgilanmoqda.

Loyihada davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari 2020 yilda olgan daromadlari va egaligida bo‘lgan aktivlari to‘g‘risida 2021 yilning 1 sentyabriga qadar hamda kelgusi yildan boshlab har yili 1 aprelga qadar deklaratsiya taqdim etishi nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari zimmasiga deklaratsiya topshirish talabini yuklash va ushbu talabga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritiladi.

Endilikda davlat soliq xizmati organining har bir xodimi ko‘char va ko‘chmas mulklari, boshqa aktivlari, shuningdek hisobot yilida olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda deklaratsiya taqdim etishi shart bo‘ladi.

Deklaratsiyalarni qayta ishlash natijasida olingan axborotlar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, jamoatchilik uchun ochiq holda maxsus ochiq.soliq uz veb-saytiga joylashtirish taklif etilmoqda. 

Masalan, ko‘chmas mulk bo‘yicha ob’ektning turi, umumiy maydoni va ob’ektning joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy ravishda ko‘rsatilishi shart. Avtomobillar haqidagi ma’lumotlarda avtomashina rusumi, modeli va ishlab chiqarilgan yili aks ettiriladi. 

Qayd etilishicha, bugungi kunda soliq organlari tizimida jami 10,3 ming xodim faoliyat yuritmoqda, ularning aksariyati yoshlardan iborat. 


Maqola muallifi

Teglar

soliq deklaratsiya

Baholaganlar

174

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing