Davletov qop-qop sifatsiz hujjatlar haqida: “Qonunchilikka moratoriy belgilash kerak”

Jamiyat

image

So‘nggi 3 yilda O‘zbekiston milliy qonunchilik bazasida 15 mingta hujjat ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu 1991-2015 yillarda ishlab chiqilgan jami normativ hujjatlarning 26 foiziga teng. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisidagi axboroti davomida aytib o‘tdi.

Shu o‘rinda vazirlik tomonidan 2013-2017 yillarda, ya’ni 5 yilda 500 ta qonunchilik hujjati loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lsa, oxirgi 2 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich qariyb 500 tani tashkil etgani alohida ta’kidlandi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqilayotgan huquqiy hujjatlar juda ko‘p. Bu ko‘plik esa ob’ektiv sabablar bilan bog‘liq.

“Bugungi kunda huquqiy hujjatlar ishlab chiqish 2,5 baravarga oshgan. Endi savol tug‘iladi bu kammi-ko‘pmi yoki yaxshimi-yomonmi? Albatta, juda ko‘p. Bu ko‘plik ob’ektiv sabablar bilan bog‘liq. Negaki, hamma sohada islohotlar bo‘lyapti. Turli tartiblar qonun hujjatlari bilan amalga oshiriladi, boshqa iloji yo‘q”, deydi Davletov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qonun hujjatlari bazasining kattaligidan bir nechta muammo yuzaga keladi.

“Birinchidan, sifat masalasi. Ikkinchidan, barqarorlik masalasi. Qonunchilik barqarormi, yo‘qmi? Chunki tez-tez o‘zgaradigan qonunchilik bu yaxshi qonunchilik emas. Unga ishonch kam bo‘ladi. Uchinchidan, ijro masalasi. Shuncha hujjat qabul qilyapmiz. Ijro qanday bo‘lyapti, degan savollar oldimizda turadi”, deydi vazir.

Ruslanbek Davletov Adliya vazirligiga ekspertiza uchun kelgan10 mingdan ortiq hujjatning o‘rtacha 10 foizdan 30 foizgacha qismi salbiy xulosa bilan qaytarilayotganini, qolgan 90 foiz holatda e’tirozlar bilan ijobiy xulosa berilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Sifat nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsak, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Barqarorlik bo‘yicha ham muammolar bor. Chunki juda ko‘p holatlarda hattoki, kuchga kirmagan hujjatga o‘zgartirish kiritish holatlari bo‘lyapti. O‘zbekistonni huquqiy davlat sifatida hurmat qilinishini xohlasak, bunday holatlardan holi bo‘lishga e’tibor berishimiz kerak. Barqarorlikni ta’minlash uchun yangi chiqayotgan qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritmaslik bo‘yicha 1-2 yillik moratoriy belgilash kerak. O‘shanda uni ishlab chiqayotgan paytda tegishli vazirlikning ozgina bo‘lsa ham mas’uliyati oshadi degan fikr bor”, deydi Davletov.


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov moratoriy

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing